JSST ekspertlari fikricha, mazkur muammoga butunlay barham bersa boʻladi. Buning uchun, avvalo, qizlarning 90 foizi odam papilloma virusiga qarshi toʻliq emlanishi lozim.

Qolaversa, ayollarning 70 foizi oʻz vaqtida skrining tekshiruvidan oʻtishi talab etiladi.

Oʻz navbatida, saratonoldi holatlari aniqlangan xotin-qizlarni davolash qamrovini 90 foizga yetkazish zarur.

Biroq baʼzi past va oʻrta daromadli mamlakatlarda ushbu ikmkoniyatlar cheklangan. Oqibatda ularda bu kasallikdan oʻlim koʻrsatkichi 94 foizga yetgani achinarlidir.

Binobarin, OIV infeksiyasi mavjud ayollarda bachadon boʻyni saratoniga chalinish ehtimoli boshqalarga nisbatan 6 barobar yuqori ekani taʼkidlanmoqda.

Shu munosabat bilan dunyo boʻylab har yili yanvar oyi “Bachadon boʻyni saratonidan xabardorlik oyi” sifatida oʻtkaziladi.

Hisobotda qayd etilishicha, bu muammoga samarali yechim topish uchun tegishli hukumatlar emlash qamrovini oshirib, soddalashtirilgan skrining dasturlarini amaliyotga tatbiq etishlari kerak.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 2019-yildan boshlab milliy emlash kalendariga bachadon boʻyni saratoniga qarshi qoʻllaniluvchi OPV vaksinasi kiritilgan boʻlib, har yili 9 yoshli 350 ming nafardan ortiq qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanmoqda.