Musobaqaning so‘nggi kunida erkaklar o‘rtasida 50 metrga pnevmatik to‘pponchadan otish bahslarida hamyurtimiz Server Ibragimov 3-o‘rinni egalladi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
1- va 2-o‘rinlar esa xitoylik merganlarga nasib etdi.
Bundan tashqari, ayollar o‘rtasida 10 metrga pnevmatik to‘pponchadan otish bahslarida yana bir hamyurtimiz Shahnoza Mamajonova finalda ishtirok etdi va Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlari uchun muhim reyting ochkolariga ega bo‘ldi.
Para suzish bo‘yicha Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon seriyasiga kiruvchi nufuzli musobaqadan ham xushxabarlar kelishi davom etmoqda.
Jumladan, erkaklar o‘rtasida 50 metrga erkin usulda suzish bahslarida ikki nafar hamyurtimiz shoxsupaga ko‘tarildi. Bu yo‘nalishda Islam Aslanov kumush, Muzaffar Tursunxo‘jayev esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida 100 metrga batterflyay usulida suzish bahslarida hamyurtimiz Azizbek Boynazarov marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi kumush medalni qo‘shib qo‘ydi.