баннер
21 Apr 2025
09:59

    Hayot – harakat demak yoxud “Sogʻlom inson — sogʻlom millat” gʻoyasining mohiyati nimada?

    Sport 25 Fevral 2025 669

    “Oʻz vaqtida meʼyori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yoʻlamaydi”, degan edi ulugʻ ajdodimiz Abu Ali ibn Sino. Ha, sport insonni jismonan baquvvat, ruhan tetik qiladi.

    Mamlakatimizdagi islohotlar Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga qaratilgan ekan, sportga, sogʻlom turmush tarziga jiddiy eʼtibor berilishi ayni muddaodir.

    Yurtimizda sportga qaratilayotgan eʼtiborning amaliy natijasiga joriy yilning 13-fevral kuni yana bir bor guvoh boʻldik. Oʻsha kuni Prezidentimiz olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.

    Mamlakatimizda ilk bora Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha katta yigʻilish oʻtkazilishi yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida yangi bosqichga chiqqanimizni anglatadi. Zero, taraqqiyot yoʻlidagi har bir oʻsish nuqtasida keyingi marra uchun aniq reja belgilab olinadi. Sohalarda tom maʼnoda islohot oʻtkaziladi. Ularning qanchalik samarador boʻlishi inson kapitali, sogʻlom jamiyatga bogʻliq. Shu sabab davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishida “Oʻz oldiga buyuk maqsadlar qoʻygan xalq faqat sogʻlom va baquvvat boʻlgan taqdirdagina koʻzlagan marralariga erisha oladi”, deya taʼkidladi.

    Yigʻilish xalqimiz salomatligi, barkamol avlodni kamol toptirish borasidagi qator masalalar yechimiga qaratildi. Sport — sogʻlom xalq, sogʻlom jamiyatning tayanch ustunidir, degan hayotiy haqiqatga asoslangan vazifalar belgilab berildi. Ayni paytda sportga shunchaki musobaqa emas, millat genofondi, mamlakatning qudrati va obroʻ-eʼtiborini butun dunyoga tarannum etadigan eng taʼsirchan vosita, eng ustuvor vazifa deb qarash zarurligi taʼkidlandi.

    Biz haqli ravishda ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. Ular ilm-fanda ham, davlatchilik barpo etishda ham katta qudratga ega boʻlgan. Bu inkor etib boʻlmas haqiqat. Bugun ana shu ajdodlarga munosib avlod boʻlishimiz shart. Buning uchun, avvalo, millatning genofondini asray olish zarur. Agar inson jismonan baquvvat boʻlmasa, turli xastalik­larga yengiladi. Zero, Viktor Gyugo ayt­ganiday, “Ruh qalʼasini saqlab qolish uchun jism qalʼasini mustahkamlash zarur”.

    Shu bois, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishning muhim shartlaridan biri millat genofondini asrashdir. Buning uchun esa jismoniy quvvat juda muhim. Yigʻilishda “Sogʻlom inson — sogʻlom millat” gʻoyasi umummilliy harakatga aylanishi kerakligi taʼkidlangani bejiz emas.

    Inson salomatligi uchun jismoniy faollik va sogʻlom ovqatlanish juda muhim. Jamiyatimizda esa mana shu ikki jihatni keng targʻib etish zarur. Bu borada soʻnggi yillarda juda yaxshi natijalarga erisha oldik. Masalan, yaqin-yaqingacha xiyobonlar, yoʻlaklar deyarli boʻsh turardi. Hozir tongda sport maydonlari, xiyobonlar, yoʻlaklar jismoniy mashq bajarayotgan yurtdoshlarimiz bilan toʻla. Bunga qanday erishdik?

    Avvalo, mahallalarda, koʻp qavatli uylar oldidagi maydonchalarda sport bilan shugʻullanishga shart-sharoit yaratildi. Bepul foydalanish uchun sport jihozlari oʻrnatildi. Aholi orasida piyoda yurish keng targʻib etildi. Kichik sport maydonlarini tashkil etish uchun 2018-yildayoq tadbirkorlarga imkoniyat berilgan edi. Natija esa quvonarli. Bugun eng chekka mahallalarda ham yoshlar zamonaviy mini futbol maydonlarida toʻp surmoqda. Endi bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.

    Maʼlumotga koʻra, Oʻzbekiston aholisining 44 foizida jismoniy faollik yetishmaydi. Yana 36 foiz aholi toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga amal qilmaydi. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz masʼullarga boshoqli va donli mahsulotlar, meva-sabzavotlar isteʼmolini koʻpaytirish borasida xalqchil tilda tushuntirish ishlarini olib borish vazifasini qoʻydi. Bu bevosita odamlarning salomatligi bilan bogʻliq vazifa. Illo, mazkur vazifaning ijrosi, Gippokrat iborasi bilan aytganda, yegan ovqatimiz dori, shifo boʻlishini taʼminlash, degani. Shuning oʻziyoq yangi Oʻzbekistonda islohotlar inson qadri uchunligini isbotlaydi.

    Lekin taomning shifobaxshi qolib, zararlisini tanlayotganlar ham bor. Masalan, tez tayyor boʻluvchi va tarkibida kanserogen moddalar yuqori boʻlgan mahsulotlardan ti­yilish kerak. Chunki ular turli kasallik­larga sabab boʻladi. Afsuski, bugun bunday mahsulotlar savdosi koʻpaygan. Yon-atrofni kuzatgan kishi yaxshi biladi, tez tayyor boʻladigan mahsulotni qirq yoshgacha boʻlganlar koʻproq isteʼmol qiladi. Shuning oʻziyoq sogʻlom turmush tarzini faol targʻib etish zaruratini koʻrsatadi. Buning uchun barcha darajadagi masʼullar birdek faol boʻlishi, jamiyatimizda shaxsiy namunani kuchaytirishimiz kerak. Shundagina oldimizga qoʻyilgan vazifa, sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollik targʻiboti bilan har bir oilani qamrab olishga erishamiz.

    Yana bir muhim jihat, bu masalalarni qonun darajasida mustahkamlash uchun “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi qonun tubdan qayta koʻrib chiqiladigan boʻldi. Maqsad qonunni zamon talabiga moslash. Ishlarni toʻgʻri tashkil etish uchun qonuniy asos juda muhim. Kutilayotgan qonun aholiga sogʻlom turmush tarziga amal qilish uchun keng imkoniyatlar yaratish, davr talabi bilan oʻrtaga chiqayotgan ayrim masalalarga yechim berishga qaratiladi. Shu orqali jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzi yanada ommalashadi.

    Hozir ommaviy sport musobaqalarida katta yoshdagi insonlar ishtiroki kam. Davlatimiz rahbari yigʻilishda mazkur masalalarga ham aniq yechimlarni koʻrsatib oʻtdi. Jumladan, endi har haftada mahallalarda ommaviy jismoniy faollik tadbirlari oʻtkaziladi.

    Hududlardagi sport mashgʻulotlari izchilligini taʼminlash juda muhim. Aynan izchillik natijadorlikni belgilab beradi. Shu bois, bu tadbirlar bir-ikki marta nomiga oʻtkazib qoʻyilmasligi shart. Yigʻilishda mazkur jihatlar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Endi mahallalar kesimida “Aholining jismoniy faolligi reytingi” yuritiladigan boʻldi. Bu mutasaddilar masʼuliyatni yaxshiroq his etishida juda zarur jihat.

    Yangi Oʻzbekistonda islohotlarning ilk kunlaridanoq kitobxonlik keng targʻib etildi. Hatto yoshlarni kitob oʻqishga qiziqtirish uchun tanlov tashkil etilib, gʻolibga avtomobil beriladigan boʻldi. Natijada yoshlar orasida kitob oʻqishga qiziqish juda kuchaydi. Hatto nashriyotlar kitob taqdimotlarini katta bayramday oʻtkazmoqda. Bu kitob oʻqishga ragʻbat, targʻibot natijasi. Endi sogʻlom turmush tarzini ham xuddi shunday ragʻbatlantirish, ommalashtirish maqsad qilinmoqda. Yaʼni har yil yakunida eng faol sportchi oilalarga trenajyorlar beriladi. Mahallalarda faol insonlar qancha koʻp boʻlsa, yutuq ham shunga yarasha boʻladi — bunday mahalla ahli uchun sport maydonchalari qurilib, jihozlandi. Maqsad aholining ommaviy sport bilan qamrovini kamida

    15 millionga yetkazish, yurtdoshlarimiz ongiga “Sogʻlom inson — sogʻlom millat” gʻoyasini chuqur singdirishdir. Qolaversa, nogironligi bor shaxslarning sport bilan qamrovini 2 barobar koʻpaytirish maqsad qilingan.

    Keyingi yillarda mamlakatimizda sportga katta eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, soʻnggi toʻrt yilda byudjetdan sportga ajratilayotgan mablagʻ 1,5 trillion soʻmdan 3 trillion soʻmga oshgan. Murabbiylarning oʻrtacha maoshi 2 barobar koʻpayib, 101 ta yangi yirik sport obyekti qurilgan. Bu mablagʻlar shunchaki musobaqaga borib medal olib kelishimiz uchun sarf etilgani yoʻq. Balki sportchilar orqali sogʻlom turmush tarzini targʻib etish hamda yurtimizda jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish imkoniyatini kengaytirishga yoʻnaltirilgan. Shu sabab buni, hech shubhasiz, kelajakka tikilgan sarmoya deyish mumkin.

    Mahallalardagi sport tadbirlariga nogironligi boʻlgan shaxslar ham keng jalb etiladi. Yuqorida jismoniy quvvat ruhiy tetiklikka sabab boʻlishi haqida ayt­gan edik. Ha, sport insonni har jihatdan chiniqtiradi. Bunga har gal adaptiv sport bilan shugʻullanadigan insonlar bilan koʻrishganda amin boʻlaman. Ularning yuz-koʻzida ertangi kunga, oʻziga boʻlgan komil ishonchni koʻraman. Ular orasida sport bilan shugʻullana boshlagach hayoti oʻzgargan, jamiyat­ning faol aʼzosiga aylanganlar talaygina. Shu maʼnoda, mahallalarda nogironligi boʻlgan shaxslarni sport tadbirlariga keng jalb etish ayrim ijtimoiy muammolarga ham yechim boʻladi. Baʼzida nogironligi boʻlgan insonlar oila aʼzolariga ham koʻnglidagi gapni ochiq aytavermaydi. Ular oʻz qobigʻiga oʻralib, doʻstlarim yoʻq deb oʻylaydi. Oqibatda ularda asabiylik kuzatiladi. Adaptiv sport bilan shugʻullanish, ommaviy sportlarda qatnashish ulardagi mana shunday stereotiplarni yengib oʻtishda kuch beradi. Loʻnda ayt­ganda, adaptiv sport nogironligi boʻlgan yoshlarni uydan koʻchaga — odamlar orasiga olib chiqadi.

    2022-yildan boshlab mahallalardagi nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalari uch bosqichda oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtgan 2024-yilda 16 dan 30 yoshgacha boʻlgan 29 ming 62 nafar nogironligi boʻlgan yosh mazkur musobaqada ishtirok etish istagini bildirgan. Ular foydalanishga qulay boʻlgan 5tashabbus.uz sayti orqali roʻyxatga olingan. Natijada musobaqalarga 18 ming 416 yosh qamrab olingan. Bu nogironligi boʻlgan 18 mingdan ortiq yoshga oʻz qobiliyatini koʻrsata olish, jamiyatda oʻrni borligini his etishiga yaratilgan katta zamindir. Belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, joriy yilda mazkur musobaqalarga nogironligi boʻlgan 45 ming yoshni qamrab olish reja qilingan.

    Musobaqalarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimizda ommaviy sportni keng targʻib etish, adaptiv sport qatnashchilariga yetarlicha shart-sharoit yaratib berishdir. Masalan, “Besh tashabbus paralimpiadasi”ga hozirlik koʻrish uchun joylardagi sport maydonlari adaptiv sportga moslashtirilmoqda. Sport murabbiylarining malaka va koʻnikmalari koʻrib chiqilyapti.

    Qamrovni yanada kengaytirish uchun esa “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarini oʻtkazishda ayrim ijobiy oʻzgarishlar kutilmoqda. Jumladan, avval eshitishida nuqsoni boʻlganlar ushbu musobaqalarda qatnasha olmasdi. Endi ular ham “Besh tashabbus paralimpiadasi” ishtirokchisi boʻla oladi. Ayni paytda adolatni taʼminlashga ham alohida eʼtibor berilgan. Yaʼni endi nogironligi boʻyicha klassifikatsiyaga kiritilmagan shaxslar roʻyxatdan oʻta olmaydi. Bunday sportchi musobaqalarga qoʻyilmaydi. Shu bois, parasport bilan shugʻullanayotgan 7 mingdan ortiq sportchini nogironlik turiga qarab klassifikatsiyalashga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Yana bir yangilik, joriy yildan boshlab sport turlari soni ham koʻpaydi. Bu ham mahallalardagi nogironligi bor yoshlarni qiziqishi, imkoniyati va isteʼdodidan kelib chiqib adaptiv sport kengroq jalb etishga xizmat qiladi.

    Ushbu musobaqada qatnashish uchun mahallalardagi nogironligi boʻlgan shaxslar hozirdanoq faollik koʻrsatib, roʻyxatdan oʻtyapti. Umuman, yurtimizda adaptiv sport rivojlanib, imkoniyatlar kengayib bormoqda. Jumladan, ilgari bu toifadagi yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport toʻgaraklari bor edi. Hozir bunday maktablar soni 235 taga yetdi. Natijada adaptiv sport bilan muntazam shugʻullanuvchilar 4 karra koʻpayib,

    7 mingdan oshdi. Endi mazkur yoʻnalishdagi imkoniyatlar yanada kengaytiriladi. Buning uchun hududlardagi 39 ta sport maktabi adaptiv sport turlariga ixtisoslashadi. Muhimi, bunday yoshlarni, ayniqsa, nogironligi boʻlgan qizlarga imkoniyatiga qarab boshqa sogʻlom sport guruhlarida ham shugʻullanishiga sharoit yaratiladi. Bu nogironligi boʻlgan yoshlar qalbida hayotsevarlik tuygʻusini kuchaytiradi. Boshqalardan kam emasligini, aksincha, oʻz ustida ishlab, sogʻlom tengdoshlaridan ham koʻproq natijaga erishishga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi. Qalbida orzusi sari kuchli intilishni paydo qiladi.

    Hozirgi tezkor taraqqiyot davrida erishilgan yutuqlarga mahliyo boʻlib oʻtirish yaramaydi. Davrning oʻzi bizga doim faol boʻlish, koʻzlangan marraga erishish uchun muttasil yangilanishlar, izlanishlar qilishni talab etmoqda. Zero, qadimgi yunon tarixchisi Plutarx “Hayot harakatni talab qiladi”, degan edi.

    Shundan kelib chiqib, adaptiv sport boʻyicha ham qator ijobiy oʻzgarishlarga start berildi. Jumladan, nogironligi boʻlgan yoshlarni sport bilan qamrab olish va natijadorligini taʼminlashda yangicha yoʻl tutiladi. Buning uchun Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik qilinadi. Uning Toshkentdagi filialida adaptiv sport boʻyicha alohida fakultet ochiladi. Hozirgi davrda har bir ishda ilmiy yondashuv juda muhim. Busiz biror arzigulik natijaga erishish mushkul. Shu sabab hamkorlik doirasida natijadorlikni oshirishga qaratilgan ilmiy metodika va standartlar ishlab chiqiladi. Bu esa adaptiv sportga jalb etishda zamonaviy standartlardan foydalanish imkonini beradi.

    Xoʻsh, bugun adaptiv sportchilar uchun maydonda qanday qulayliklar boʻlishi kerak? Ularga sportni oʻrgatayotgan murabbiylar nimalarga eʼtibor berishi, mashgʻulotlarning oʻquv metodikasidan tortib, uning xulq-atvorigacha boʻlgan barcha jihatlar bugun ilmiy asosni talab etadi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik ana shu ishlarni yangi Oʻzbekiston sharoitida, xalqimizga xos jihatlarni oʻrganib, ilmiy asoslash imkonini beradi.

    Endi zamonga mos ravishda parasport turlari boʻyicha terma jamoalarni shakllantirish tartibi ham oʻzgartiriladi. Yaʼni yoshlar faqat musobaqa natijasiga koʻra emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi. Mazkur oʻzgarish adaptiv sport bilan shugʻullanayotgan yoshlarga oʻz isteʼdodini toʻla namoyon etish imkonini beradi. Bunda adolatli ish tutish uchun nogironligi boʻlgan sportchilarning koʻrsatkichlari monitoring qilib boriladigan alohida onlayn platforma yaratiladi.

    Davlatimiz rahbari oʻtkazgan yigʻilish parasportchilar uchun quvonchli xabarlarga boy boʻldi. Masalan, endi musobaqa va sport yigʻinlari tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga oʻtilishi aytildi. Bu qayerda chempionat boʻlsa, unga yonma-yon parasport musobaqasi ham oʻtkaziladi, degani. Mazkur amaliyot sabab haqiqiy inklyuziv tizim yaratiladi. Nogironligi bor sportchilar uchun ishonch va ragʻbat boʻladi. Shu oʻrinda Alisher Navoiyning mashhur baytini eslab oʻtish joiz. Hazrat inson qalbini muqaddas sanab:

    “Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,

    Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay”, deb yozadi.

    Adaptiv sportga bunday katta eʼtibor sabab minglab yurtdoshimizning koʻngli shodlikka toʻladi. Ularning ortidan mil­lionlab qalblar obod boʻladi. Mazkur jihat ham yangi Oʻzbekistonda islohotlar inson qadri uchun olib borilayotganini koʻrsatadi.

    Sportdagi islohotlar natija bermoqda. Jumladan, 2024-yilda Parijda oʻtkazilgan Paralimpiada musobaqalarida parasportchilarimiz quvonarli natijalar koʻrsata oldi. Ayniqsa, qariyb 30 yil oldingi rekordni yangilagan Asila Mirzayorova, uch karra Paralimpiya chempioni Husniddin Norbekov kabi sportchilar jasorati yurtimizdagi adaptiv sport bilan shugʻullanadigan yoshlarga motivatsiya bergani rost. Bugun koʻplab yoshlarimiz Paralimpiya chempionlariga havas qilib, ularga oʻxshash uchun ham sport bilan shugʻullanishga kirishgan. Buni davlatimiz rahbari ham eʼtirof etdi. Ushbu natijalar yoshlarimiz, ota-onalarning sportga munosabatini oʻzgartirgani, koʻp yoshlarimizda “Men ham chempion boʻlaman”, degan shijoat paydo boʻlganini taʼkidladi.

    Endigi navbat esa 2028-yilda Los-Anjelesda boʻladigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida yuqori natijadorlikni koʻrsatishga qaratilgan. Yigʻilishda mazkur musobaqalarga tayyorgarlik doirasidagi ishlar haqida ham toʻxtalib oʻtildi. “Los-Anjeles — 2028” Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida medallar sonini ikki karra oshirish maqsadida qator vazifalar belgilab berildi. Buning uchun keraklicha shart-sharoit yaratiladigan boʻldi. Los-Anjelesda ham sportchilarimiz koʻzlangan natijaga erishishiga ishonamiz.

    Bugun yangi Oʻzbekiston yoshlarining sport bilan shugʻullanishga boʻlgan shijoati kishini quvontiradi. Chunki aql-idrokli boʻlishni istagan odam oʻz tanasini parvarish qilishi kerak. Bu inkor etib boʻlmaydigan haqiqat. Tana parvarishi esa nafaqat sport, balki sogʻlom ovqatlanishni ham talab etadi. Oldimizda mana shu ikki jihatni keng targʻib qilishga qaratilgan ishlarni toʻla ado etish vazifasi turibdi. Shu orqali Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga hissamizni qoʻshgan boʻlamiz. Zero, bunday yuksak marrani sogʻlom millat bilangina zabt etish mumkin. Ha, endi “Sogʻlom inson — sogʻlom millat” gʻoyasi atrofida birlashishimiz kerak. Buning uchun juda katta qahramonlik talab etilmaydi. Shunchaki, oʻz sogʻligʻimizni oʻylab, sport bilan shugʻullanib, toʻgʻri ovqatlanishni tashkil etishimiz kifoya.

    Muxtorxon TOSHXOʻJAYEV,

    Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi

    Telegram kanalimiz
    Text to speech