Paralimpiyachilar onlayn musobaqada kuch sinashdi

    Sport 30 Iyul 2020 1465

    Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi olympic.uz saytining maʼlum qilishicha, bugun mamlakatimiz para-atletchilari onlayn musobaqada kuch sinashdi.

    Ilk bor respublika miqyosida tashkil qilingan musobaqada Angren, Andijon, Qoʻqon, Fargʻona, Samarqand, Navoiy va Toshkentda istiqomat qilayotgan sportchilar ZOOM platformasida yengil atletikaning turli yoʻnalishlarida bahslashishdi. Mazkur turnir YouTube ijtimoiy tarmogʻida jonli efirda namoyish qilindi.

    Mutaxassislarning eʼtirofiga koʻra, onlayn musobaqada qatnashgan Sofiya Burhonova, Nurxon Qurbonova, Husniddin Norbekov, Bobur Omonov, Elbek Qahramonov kabi sportchilar bahslar davomida Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi uchun oʻtkazilgan xalqaro musobaqalardagi koʻrsatkichlarni deyarli takrorlashdi. Ulardan 4 nafari esa soʻnggi jahon chempionatidagi “choʻqqini” zabt etdi.

    Bu, karantin talablariga amal qilgan holda uy sharoitida shugʻullanayotgan para-atletlarimizning boʻlgʻusi xalqaro turnirlarga va eng muhimi, 2021-yili Yaponiyada boʻlishi kutilayotgan yozgi Olimpiya va paralimpiya oʻyinlariga belgilangan reja asosida olib borilayotganligidan dalolat.

    Musobaqalarni Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov va Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutaxassislari bevosita kuzatib borishdi.

    Toʻlqin ROʻZIYEV.