Parij -2024 yozgi Olimpiada oʻyinlari rasman ochildi

    Shu yilning 26-iyul kuni Parijda 33-yozgi Olimpiya oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Sena daryosidagi anʼanaviy milliy qayiq paradida 206 davlatdan 10 mingdan ortiq sportchi ishtirok etdi.

    Parijdagi XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimida 206 davlatdan 10 mingdan ortiq sportchi ishtirok etdi. yozgi Olimpiada oʻyinlari tarixda birinchi marotaba suvda yaʼni Sena daryosida oʻtkazildi.

    Anʼanaga koʻra, 6 km masofani birinchi boʻlib oʻyinlar asoschisi — Gretsiya jamoasi suzib oʻtdi. Uning ortidan — qochqinlar jamoasi. Keyin esa delegatsiyalar alifbo tartibida oʻtishdi. Yakuniy shou Trokadero maydonida boʻlib oʻtdi.

    Olimpiada mashʼalasini dzyudochi Teddi Riner va yengil atletikachi Mari-Joze Perek yoqdi – mashʼala bilan shar Fransiya poytaxti osmoniga koʻtarildi.

    Tashkilotchilarning maʼlumotlariga koʻra, ochilish marosimini 320 mingga yaqin kishi, jumladan, 100 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari tomosha qilgan. Toʻrt soatga yaqin davom etgan shouda 3000 ga yaqin aktyor va raqqoslar ishtirok etdi.

    Parij-2024 – Oʻzbekiston delegatsiyasi mustaqil davlat sifatida ishtirok etadigan sakkizinchi yozgi Olimpiya oʻyinlariga aylanadi. Oʻzbekiston delegatsiyasi litsenziyalar boʻyicha oʻz rekordini yangilab, ilk bor 19 sport turida, 90 nafar sportchi bilan 75 ta yoʻllanmaga sazovor boʻldi. Bungacha rekord 1996-yilgi Olimpiadaga tegishli boʻlib, oʻshanda Atlantadagi musobaqalarda oʻzbekistonlik 71 nafar sportchi qatnashgan edi.

    Shuni alohida aytib oʻtish kerakki, Parijdagi XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlari 2024-yilning 26-iyulidan 11-avgustiga qadar boʻlib oʻtadi. Ularda sportning 32 turi boʻyicha 329 ta sovrinlar jamlanmasi uchun kurash olib boriladi. Odatdagi olimpiya turlaridan tashqari, Fransiyadagi oʻyinlarda breyk-dans, sport uslubida toqqa chiqish, skeytbording va serfing boʻyicha oʻyinlar oʻtkaziladi.

    Serfing musobaqalari Tinch okeani janubida, Parijdan 15 000 kilometr uzoqlikda joylashgan Fransiya Polineziyasida boʻlib oʻtadi.