Parij-2024 mashʼalasining taqdimoti oʻtkazildi

    Olimpiya mashʼalasi har bir щyinlarning ajralmas qismlaridan boʻlib, Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining tashkiliy qoʻmitasi boʻlajak musobaqaning mazkur ramzini namoyish qildi.

    Mezbonlar mashʼala dizaynini yaratishda quyidagi 3 yoʻnalishga katta ahamiyat qaratishgan: tenglik, suv va tinchlik.

    1. Mashʼala 2 qismdan iborat boʻlib, ustki va ostki tomonlari ayni bir xil uzunlikda. Shuningdek, bu tushuncha gender tenglikni ham anglatib, Olimpiadalar tarixida aynan Parij-2024 da erkak va ayol atletlarning soni teng miqdorga keltirilganiga ham ishora qilinadi.

    2. Rejaga koʻra, mashʼala estafetasi Oʻrta Yer dengizi atrofidagi koʻplab hududlarni oʻz ichiga oladi. Qolaversa, suv insoniyat uchun tiriklik ramzi. Boshqa bir jihatdan, musobaqa ochilish marosimi ilk bor Sena daryosida, yaʼni suv ustida oʻtkazilishiga ham ishorani uchratish mumkin.

    3. Shubhasiz, Olimpiya oʻyinlari – bu tinchlik ramzi. Har bir щyinlar davomida tashkiliy qoʻmita bu yoʻnalishni turli ramzlar bilan ifodalashga urinadi. Bu mashʼala ham Yer yuzidagi insonlar va millatlarni ushbu gʻoya ostida birlashtirishini ifodalaydi.

    Eslatib oʻtamiz, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari kelasi yilning 26-iyul - 11-avgust kunlari boʻlib oʻtadi.