Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari uchun mashʼala yoqildi

    Gretsiyaning Olimpiya shaharchasida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari uchun mashʼala yoqish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Gretsiya prezidenti Katerina Sakellaropulu, Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Tomas Bax, musobaqa tashkiliy qoʻmitasi va Parij shahri meriyasi rahbarlari, shuningdek, boshqa martabali shaxslar ishtirok etishdi.

    Rejaga koʻra, mashʼala estafetasi Gretsiyada 11 kun davom etadi. Shundan soʻng 26-aprel kuni Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining tashkiliy qoʻmitasi mashʼalani 120 yoshli “Le Belem” kemasida Marsel shahriga olib ketadi.

    8-may sanasidan mashʼala butun Fransiya boʻylab 26-iyul – XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlari startiga qadar aylanadi.