Parkentda o'quvchilar maktabga jar yoqalab borayotgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

    Rasmlarda tarqalgan ushbu yo'l mahalliy aholi tomonidan hashar yo'li bilan qurilgan ekan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Maktabga jar yoqalab qatnaydigan bolalar” sarlavhasi ostida Parkent tumani Changi qishlog'i “Nurobod” mahallasi Obisher ko'chasida olingan rasmlar keng tarqaldi va keskin muhokamalarga sabab bo'ldi. Parkent tuman hokimligi bu bo'yicha rasmiy munosabat berdi.

    Unda aytilishicha, Changi qishlog'i “Nurobod” MFY Obisher ko'chasida 14 ta xonadon mavjud. Ko'cha 2018-yilda tashkil etilgan. O'quvchilar qiyinchilik bilan yurayotgan yo'l mahalliy aholi tomonidan hashar yo'li bilan qurilgan, ammo 2022-yil bahor faslidagi davomiy yog'ingarchiliklar sababli yo'lning katta qismiga jiddiy zarar yetgan.

    Bu ko'chadan 8 nafar maktab o'quvchisi Hisorak qishlog'ida joylashgan 29-umumta'lim maktabiga qatnashadi. Ushbu maktabga borish uchun muhokamalarga sabab bo'lgan rasmlarda ko'rsatilgan yo'ldan tashqari qo'shimcha xavfsiz yo'l ham mavjud. Obisher ko'chasi bilan maktab orasidagi masofa 1,3 kilometrni tashkil etadi.

    Tuman hokimligi mutasaddilari ushbu yo'l ichki yo'llar balansiga kirmagani sababli loyiha-smeta asosida ichki yo'llar balansiga kiritilishini hamda qurilish ishlarida malakali mutaxassislar jalb qilinishini, shunchaki shag'al tashlash orqali muammoga uzil-kesil yechim topib bo'lmasligi, yomg'irli mavsumlarda bunday holatlar yana takrorlanishi mumkinligini ma'lum qiladi.

    Qishloqdagi bu vaziyat tuman hokimligining to'liq nazoratiga olingan va qurilish ishlari uchun loyihalashtirish ishlari boshlangan. 2022-yil so'ngiga qadar bu masalaga ijobiy yechim topiladi.