So‘nggi yillarda O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro jarayonlardagi ishtiroki sezilarli darajada yuksaldi. O‘zbekiston oldingi davrlarga nisbatan izchil, faol va pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. Bu siyosat o‘zining progressiv xarakteri va tinchlikparvarligi bilan xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘layotir. O‘z navbatida, teng manfaatli hamkorlikka tayanilgan bu muhim siyosiy o‘zgarishlar Yangi O‘zbekiston diplomatiyasiga asos solgan holda, mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini har tomonlama mustahkamlab borayotgani ham quvonarlidir.

Ushbu jarayonda mamlakatimizning oliy vakillik organi bo‘lmish ikki palatali parlamentning tashqi siyosatdagi o‘rni va roli ham har qachongidan ko‘ra yuksaldi. Keyingi yillarda Oliy Majlis palatalarining xalqaro aloqalari geografiyasi sezilarli darajada kengayib, xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro parlamentlararo uyushmalar bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ayniqsa, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi yettinchi ustuvor yo‘nalishida belgilangan mamlakatimizning ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga doir muhim vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekistonda parlament diplomatiyasini amalga oshirishda milliy manfaatlarni ilgari surish va ularni himoya qilish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda parlament diplomatiyasi quyidagi asosiy yo‘nalishlarda faollashib borayotganini kuzatish mumkin.

Birinchidan, parlament diplomatiyasining huquqiy asoslari va amaliy mexanizmlari yanada mustahkamlandi.

Jumladan, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari kengashlari tomonidan xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish maqsadida Parlament diplomatiyasi konsepsiyasi qabul qilindi. 

Mazkur konsepsiyada chet davlatlar parlamentlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning qonun ijodkorligi tajribasini o‘rganish bo‘yicha parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatida Oliy Majlisning faol ishtirokini ta’minlash, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish, davlatimiz tashabbuslarini ilgari surish kabi ustuvor vazifalar belgilandi.

2020 yilda yana bir hujjat – xorijiy mamlakatlarning parlamentlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada takomillashtirish maqsadida Oliy Majlis palatalari kengashlarining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha guruhlari va komissiyalarining ishlarini faollashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi.

Shuningdek, parlamentlararo diplomatiyani rivojlantirishga va parlamentlararo tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari lavozimi ta’sis etildi. Ushbu yangi institutning joriy qilingani xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ikkinchidan, xorijiy mamlakatlarning parlamentlari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalari ancha kengaydi.

Oliy Majlisda O‘zbekistonga do‘st va hamkor davlatlar parlamentlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha parlamentlararo guruhlar va komissiyalarning tashkil etilishi mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazish, parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga chet el investitsiyalarini keng jalb qilish uchun yaqin aloqalar o‘rnatish, xalqaro doiradagi konferensiya, seminar va davra suhbatlarini yuqori darajada o‘tkazish hamda ularning natijadorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha guruhlari va komissiyalari son jihatdan ham, sifat jihatdan ham keskin oshganini kuzatish mumkin. Bugungi kunda parlamentlararo hamkorlik guruhlari xorijiy davlatlar qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni rivojlantirish uchun doimiy maydon vazifasini o‘tamoqda va o‘z navbatida, chet ellik hamkorlar bilan ochiq, konstruktiv va jonli muloqot olib borishning qulay mexanizmiga aylanmoqda. 

Agar 2015–2019 yillar davomida jami 28 davlatning parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar faoliyat olib borgan bo‘lsa, 2020 yilda bu raqam 43 tani, 2023 yilga kelib esa 57tani (56 ta davlat va 1 ta Yevropa Ittifoqi parlamenti) tashkil etganini ko‘rish mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xorijiy mamlakatlar parlamentlari quyi palatalari bilan tashkil etilgan jami 21 parlamentlararo tuzilmalar, 19 hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar va yuqori darajadagi Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik kengashi hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat Dumasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasi shular jumlasidan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati hamkorligida jami 36 ta parlamentlararo tuzilma, jumladan, 35 xorijiy mamlakat parlamentlari bilan tuzilgan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar va Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi tashkil etilgan. Ushbu parlamentlararo tuzilmalarning 26 tasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va 10 tasiga Oliy Majlis Senati a’zolari rahbarlik qilmoqda.

Uchinchidan, Oliy Majlisning xalqaro parlament uyushmalaridagi ishtiroki ancha faollashdi.

Bugungi kunda Oliy Majlis qator parlamentlararo uyushmalar ishida a’zo yoki kuzatuvchi maqomida O‘zbekistonning milliy manfaatlarini himoya qilishga hamda ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy faoliyatning faol ishtirokchisiga aylandi. 

So‘nggi 6 yilda Oliy Majlis Parlamentlararo Ittifoq (PAI), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi parlamentlararo assambleyasi (MDH PA), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining parlament assambleyasi (YEXHT PA) kabi qator nufuzli parlamentlararo uyushmalarga a’zo bo‘lib kirganini alohida ta’kidlash joiz.

Ma’lumki, Parlamentlararo Ittifoq dunyo mamlakatlari parlamentlarini siyosiy jihatdan birlashtirib turuvchi dunyodagi eng keksa va tajribali xalqaro uyushma (1889 yilda tashkil topgan) hisoblanadi. PAI parlament muloqoti va hamkorligi asosida tinchlik, demokratiya va barqaror rivojlanishni mustahkamlash uchun ko‘maklashishga intilayotganini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 2017 yil 13 oktyabrdan e’tiboran global parlamentlar hamjamiyatida Parlamentlararo Ittifoqning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida o‘z ishtirokini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2020 yil 30 yanvarda PAI ijroiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, tajribali diplomat, yetuk olim va akademik Akmal Saidov nomzodini PAI vitse-prezidenti etib tayinladi. O‘z taraqqiyoti yo‘lida shaxdam qadamlar bilan taraqqiy etib borayotgan O‘zbekistonning PAI kabi nufuzli xalqaro parlament tashkiloti boshqaruv organiga saylanishi mamlakatda amalga oshirilayotgan tub ijtimoiy-siyosiy islohotlar e’tirofidir.

O‘zbekiston a’zo bo‘lib kirgan muhim parlamentlararo tuzilmalardan biri bu, shubhasiz, MDH PA hisoblanadi. Mazkur parlamentlararo uyushma MDH bilan bir vaqtda tashkil etilgan bo‘lib, u o‘z faoliyatining ilk kunlaridanoq parlamentlarning o‘zaro hamkorligi uchun o‘ziga xos platformaga aylandi. Chunki endigina mustaqillikka erishgan mamlakatlar oldida o‘z huquqiy tizimlarini tubdan isloh qilishdek ulkan vazifa turar va MDH PA ana shu muhim vazifani hal qilishda model qonunlar ishlab chiqish orqali munosib hissa qo‘shdi va a’zo mamlakatlarning milliy qonunchiligini uyg‘unlashtirish yo‘lida muhim sa’y-harakatlarni amalga oshirdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston MDH PA ishida faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2022 yilning 27–28 oktyabr kunlari Parlamentlararo assambleyaning navbatdagi 54-yalpi majlisi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. 

Ta’kidlash joizki, ushbu tashkilotning o‘ttiz yillik tarixida Assambleyaning yalpi majlisi ilk marta O‘zbekistonda o‘tkazildi. Yalpi majlisda bir qator muhim masalalar muhokama etildi. Xususan, parlament a’zolari tomonidan saylov, referendum va ularni kuzatish to‘g‘risidagi, xavfsizlikni ta’minlash, intellektual huquq, ilmiy-texnologik, ijtimoiy masalalar va yoshlarga oid siyosatga doir namunaviy qonunlar hamda boshqa tavsiyaviy hujjatlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, 2023−2025 yillarga mo‘ljallangan MDHda namunaviy qonun ijodkorligining istiqbolli rejasi loyihasi va MDH PAning kelgusi yil uchun ish rejasi tasdiqlandi.

Yalpi majlis davomida ko‘rib chiqilgan “Saylovlar va referendumlar ustidan xalqaro kuzatuv to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi, “Davlat va munitsipal (kommunal) mulkni xususiylashtirish to‘g‘risida”gi va boshqa qator model qonunlarning loyihalari Oliy Majlis tomonidan bildirilgan takliflar asosida takomillashtirilib, qabul qilindi.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan yalpi majlis shuni ko‘rsatdiki, MDH PA o‘z faoliyati davomida MDH makonida parlamentarizmni rivojlantirish, Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, demokratik jarayonlarni va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini jonlantirishga doir dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma muhokamalarni o‘tkazish va qarorlar qabul qilishda samarali maydon hisoblanadi.

O‘zbekiston a’zo bo‘lgan muhim parlamentlararo uyushmalardan yana biri YEXHT PA hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur uyushma parlamentlararo muloqot va hamkorlikni amalga oshirishda, Markaziy Osiyoda transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, ishbilarmonlik va sarmoyaviy muhitni yaxshilash kabi masalalar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ikki tomonlama hamkorlik aloqalari YEXHT mintaqasida demokratik g‘oyalarni ilgari surishda o‘z samarasini bermoqda.

YEXHT PA ikki tomonlama hamkorlik 2017 yildan, ya’ni O‘zbekiston ushbu uyushmaga a’zo bo‘lib kirganidan so‘ng ancha faollashdi. Oliy Majlis vakillari YEXHT PA majlislarida doimiy asosda ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2022 yil 4–6 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi parlament delegatsiyasi Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan YEXHT Parlament assambleyasining yozgi sessiyasi ishida ishtirok etdi. Unda sessiya ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar haqida ham keng ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi parlament delegatsiyalari Turkiy tilli davlatlar Parlamentlararo assambleyasi, Osiyo-Tinch okeani parlamentlararo forumi, Osiyo parlament assambleyasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi kabi parlamentlararo uyushmalar doirasida o‘tkazilayotgan turli tadbir va anjumanlar ishida kuzatuvchi maqomida faol ishtirok etib kelmoqda.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalardagi majburiyatlari bajarilishi ustidan parlament nazorati tobora kuchaymoqda.

Chunonchi, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish sohasida milliy maqsad va vazifalarga erishish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda va bu masalada O‘zbekiston parlamentining ham alohida o‘rni bor.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yishga ham alohida e’htibor qaratilmoqda. 

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasi tashkil etildi. Oliy Majlis parlament nazoratining ta’sirchan shakllari va usullaridan foydalangan holda 2030 yilgacha barqaror rivojlanishning boshqa milliy maqsad va vazifalarini amalga oshirishga ham doimiy e’tibor qaratib kelmoqda.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlament nazoratining zamonaviy usullarini qo‘llash va parlamentariylar tomonidan xalqaro tashkilotlar imkoniyatlaridan foydalanish, shubhasiz, barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsad va vazifalarni ro‘yobga chiqarish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatning xalqaro obro‘sini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda parlamentimiz mamlakat tashqi siyosatining faol ishtirokchisiga aylandi. Parlament diplomatiyasining geografiyasi kengayib, natijadorligi oshmoqda. Ushbu holat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda uzviy aloqalarni o‘rnatish imkonini shakllantirib, xorijiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga har tomonlama yordam beradi.

Hozirgi vaqtda Oliy Majlis xalqaro aloqalarining keng ko‘lamli dasturi mamlakatimiz tashqi siyosiy yo‘lining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini ham ikki tomonlama asosda, ham xalqaro parlamentlararo tuzilmalar faoliyati doirasida dadil ilgari surish imkonini bermoqda.

Qodir JO‘RAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar
qo‘mitasi raisi o‘rinbosari