180 dan oshiq davlatni birlashtirgan va parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlovchi bu tashkilot yubiley anjumanini aynan Oʻzbekistonda oʻtkazishga qaror qilgani nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo uchun ham katta tarixiy voqea, desak xato boʻlmaydi. Zero, Parlamentlararo Ittifoq assambleyasi Markaziy Osiyo zaminida ilk bor Toshkentda oʻtkaziladi.
1889-yilda tashkil etilgan bu tuzilma parlamentlararo muloqotni kuchaytirish, qonunchilik sohasida tajriba almashish va global muammolar yechimida qonun chiqaruvchi organlar oʻrnini mustahkamlash borasida tizimli faoliyat yuritib kelmoqda.
Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi. Xoʻsh, nufuzli tashkilot tomonidan nega aynan Toshkent tanlandi? Bu savolga javob berish uchun keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan islohotlarga nazar tashlash lozim.
Birinchidan, keyingi sakkiz yilda Oʻzbekiston ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat yuritib, nafaqat qoʻshni davlatlar, balki xalqaro hamjamiyat bilan ham yaqin muloqot oʻrnatishga faol intilib kelmoqda.
Ikkinchidan, Toshkent bugungacha Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari spikerlari uchrashuvi, Orolni qutqarish boʻyicha xalqaro konferensiya, Iqlim oʻzgarishi boʻyicha xalqaro forumlar kabi yirik anjumanlarga munosib mezbonlik qildi.
Uchinchidan, mamlakatimiz qonun chiqaruvchi organi — Oliy Majlis palatalari soʻnggi yillarda turli davlatlar parlamentlari bilan aloqalarni kuchaytirib, yangi qonunchilik tashabbuslari va demokratik institutlarni mustahkamlash yoʻlida katta qadamlar qoʻymoqda.
Koʻrinib turibdiki, xalqaro tadbirlarni har tomonlama yuqori saviyada oʻtkazishda Oʻzbekiston yaxshi tajriba toʻpladi. Shu bois, Parlamentlararo Ittifoq nufuzli yigʻinini aynan Toshkentda oʻtkazishni maqsad qilgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Aytish kerakki, bu nafaqat yurtimizga bildirilgan ishonch, balki Oʻzbekistonning xalqaro hamkorlikda tobora muhim oʻrin egallayotganidan dalolatdir.
Ushbu yirik tadbir mamlakatimiz uchun bir nechta strategik imkoniyat taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.
Xususan, tadbir butun dunyodan yuqori martabali mehmonlar, shu jumladan, parlament spikerlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yetakchi siyosatchilarni bir stol atrofida jamlaydi. Bu Oʻzbekistonning xalqaro siyosatdagi nufuzini yanada mustahkamlash uchun qulay imkoniyatdir.
Shuningdek, assambleya doirasida koʻplab ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi kutilmoqda. Oʻz navbatida, bu mamlakatimizga qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, mazkur yoʻnalishda tajriba almashish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, nufuzli tadbirga tashrif buyuruvchi mehmonlar nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy muloqotlarda ham ishtirok etishi koʻzda tutilgan. Bu jihat yurtimizning investitsiyaviy muhiti va iqtisodiy islohotlarini xalqaro maydonda keng targʻib qilishga yoʻl ochadi.
Assambleya kun tartibidagi masalalar va ularning mazmun-mohiyati haqida ham toʻxtalib oʻtish joiz.
“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida oʻtkaziladigan assambleyaning turkum yigʻilishlarida qator dolzarb masalalar muhokama qilinishi belgilangan.
Xususan, mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va kambagʻallikning asl sabablari bilan kurashish choralari muhokama qilinadi. Aholini ijtimoiy himoya qilish va kambagʻallikni qisqartirish masalasi ham kun tartibida boʻladi.
Shuningdek, qonun ustuvorligini taʼminlash masalasi koʻrib chiqiladi. Zero, qonun ustuvorligisiz mustahkam taraqqiyotga erishish mushkul. Bugun dunyoda korrupsiya, sud tizimidagi muammolar va huquqbuzarliklarga nisbatan jazo tizimining zaifligi taraqqiyotga toʻsiq boʻlmoqda. Shundan kelib chiqib, anjumanda adolatli sud tizimini shakllantirish, davlat boshqaruvida shaffoflikni taʼminlash va fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish boʻyicha xalqaro tajribalar oʻrganiladi.
Parlamentlararo uchrashuvda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro mexanizmlar va ularning amaliy samarasi ham muhokama qilinadi.
Qobil TURSUNOV,
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari