Xususan, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda. Parlament nazorati toʻlaqonli taʼsirchan institutga aylandi, deb hozircha aytib boʻlmaydi, parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.
Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berishdan iborat boʻlib qolmoqda. Misol uchun, islohotlarning muhim qismi boʻlgan kambagʻallikni qisqartirish masalasida deputatlarimiz hali oʻz oʻrnini topa olgani yoʻq.
Soʻnggi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa doirasida bir qator yirik tashabbuslar ilgari surildi. Ana shu tashabbuslarning mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazishda deputatlarda, afsuski, faollik yetishmayapti.
Davlatimiz rahbari quyi palataning yangi tarkibi qayd etilgan masalalar boʻyicha yangicha ishlashiga umid bildirdi.