Tashrif doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoq Raisi Tuliya Ekson xonim bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Unda parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlar samaradorligi va istiqboldagi rejalarga eʼtibor qaratildi.
Suhbat davomida soʻnggi yillarda mamlakatimizdagi iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy himoya tizimining takomillashgani hamda inson huquqlari ustuvorligini taʼminlash borasidagi islohotlar T.Ekson xonim tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Shu bilan birga, Barqaror rivojlanish maqsadlari yoʻnalishidagi faoliyat va bu borada Oʻzbekiston parlamenti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar qayd etib oʻtildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi dasturi, tadbirga doir rejalar va yangi loyihalar ham muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.









