Pavel Durovning Fransiyani tark etishini taqiqlash borasidagi cheklovlar olib tashlandi

    Telegram xabar almashish ilovasi asoschisi Pavel Durov Fransiyadan chiqib ketishini cheklovchi sud nazorati bekor qilindi.

    Bu haqda payshanba kuni France Presse agentligi sud manbasiga tayanib xabar berdi.

    “Uyushgan jinoyatchilik bilan bog'liq bir qator jinoyatlarda ayblangan Telegram xabar almashish ilovasi asoschisi Pavel Durov chet elga chiqishni taqiqlovchi va Nitsa shahridagi politsiya bo'limiga borishni talab qiluvchi choralarning bekor qilinishiga erishdi”, dedi manba.

    Manbaning so'zlariga ko'ra, Telegram asoschisi “sud nazoratiga to'liq rioya qilgan”. Pavel Durov 2024-yil avgust oyining oxiridan beri Fransiyada bo'lgan. Amaldagi sud nazorati ostida unga mamlakatdan chiqish taqiqlangan va haftasiga ikki marta ro'yxatdan o'tgan joyidagi politsiya bo'limiga borishi shart edi, deb xabar berdi report.az.