Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2021-yilda yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilish va topshiruvchi hamda qabul qiluvchilar oʻrtasida yuzaga keladigan nizoli holatlarni adolatli hal etish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xusucan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi paxta toʻqimachilik klasterlariga tegishli 371 ta tayyorlov maskanlarida paxta xom-ashyosini qabul qilishda nizoli holatlarni adolatli hal etish uchun soha mutaxassislarini jalb qilgan holda 13 ta viloyat va 134 ta tumanlarda Arbitraj guruhlari tashkil etildi.

Joriy yilning 27-sentyabr holatiga koʻra, tayyorlov maskanlarida qabul qilinayotgan paxta xom-ashyosining namligi va iflosligini aniqlash yuzasidan Arbitraj guruhlariga 356 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 249 ta (69,9 foiz) holat fermer xoʻjaliklari foydasiga, 107 ta (30,1 foiz) holat tayyorlov korxonalari foydasiga hal etilgan.

Jumladan, Namangan viloyatida 115 ta, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 40-57 tadan, Fargʻona va Xorazm viloyatida 20-21 tadan, Samarqand va Navoiy viloyatida 4-17, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo va Andijon viloyatida 13-14 tadan nizoli holatlarning barchasini yechimi topilib, hal etilgan.

Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlariga asosan Arbitraj guruhlari tomonidan nizoli holatlarni hal etish natijalari boʻyicha dalolatnomalar rasmiylashtirib borilmoqda.

Bu yilgi yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilinishi “Oʻzagroinspeksiya” tomonidan muntazam nazorat etilishi natijasida, joriy yilning 27-sentyabr holatiga respublikada tayyorlangan paxta xom-ashyosining 90,2 foizi 1-navga, 9,7 foizi 2-navga, 0,1 foizi 3-navlarga qabul qilingan, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning matbuot xizmati.

“Oʻzagroinspeksiya” va uning hududlardagi boshqarma hamda boʻlimlari tomonidan fermer xoʻjaliklari, paxta toʻqimachilik klasterlarida yetishtirilgan paxta xom-ashyosini yuqori navlarga topshirish orqali qoʻshimcha daromad manbaini yaratish hamda paxta xom-ashyosini sifatli qabul qilib va uni qayta ishlash orqali raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi yuzasidan tushuntirishlar va kerakli tavsiyalar berib borilmoqda.