Qarorga koʻra:

- mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, ularning taʼsischilarini yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga chaqirish, fermerlar bilan boʻladigan munosabatlariga taʼsir oʻtkazish qatʼiyan man etiladi;

- paxta-toʻqimachilik klasterlariga toʻrt tomonlama bitim doirasida olingan majburiyatlardan tashqari qoʻshimcha majburiyatlarni yuklash taqiqlanadi.

2023-yil hosilidan har yili 1-oktyabrgacha paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan fermer xoʻjaliklari bilan kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirish boʻyicha fyuchers shartnomalari tuziladi (2023-yil hosili uchun 2023-yil 1-fevralga qadar).

Shuningdek, 2023-yildan:

- xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ular qiymatining 30 foizi qoplab beriladi;

- paxta yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sugʻorishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi.

2025-yil 1-yanvargacha import qilinadigan ayrim mineral oʻgʻitlarga bojxona bojining “nol” stavkasi qoʻllaniladi.