IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Toshkent shahrida yashovchi 26 yoshli D.O. 20-fevral kuni soat 19:20 larda metroning “Chilonzor” bekatiga kirib, “Paxtakor” bekatiga kelgan vaqtida oʻz joniga qasd qilish maqsadida oʻzini elektropoyezd yoʻliga tashlamoqchi boʻlgan. Bekat platformasida xizmat olib borayotgan Metropolitenda XTB Saf boʻlinmalari ikkinchi batalyon, safdor xodimi A.Dalaboyev uni ushlab qolishga ulgurgan.

Surishtiruv ishlari davomida fuqaro D.O. 2016-yildan buyon ruhiy-asab kasalliklari dispanserida shizofreniya tashxisi bilan roʻyxatda turishi maʼlum boʻlgan. Uning onasi F.A voqea joyiga chaqirtirilib, erkak onasiga sogʻ-salomat holda topshirilgan.