“Payariq claster” MCHJ tomonidan 2022-yilda 259.1 tn paxta yogʻi, 890,5 tn paxta shroti va 418,9 tn paxta sheluxasi hamda 2023-yilda 2250.0 tn texnik chigit mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotgani aniqlandi.
Bu haqda Raqobat qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Shuningdek, klaster korxona tomonidan 2022-2023-yillar davomida paxta hosilidan olingan paxta yogʻi, paxta shroti va paxta sheluxasi mahsulotlarini birja savdolariga qoʻymasdan toʻgʻridan-toʻgʻri sotilishi natijasida ushbu mahsulotlar birja savdolarida shakllangan oʻrtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda mahsulot narxlarini yuqori qoʻllash natijasida jami 1.9 mlrd soʻmga yaqin miqdorda tafovut (farq) boʻlgani maʼlum boʻldi.
Yuqorida aniqlangan holatlarga muvofiq, Samarqand viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “Payariq claster” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir chorasi qoʻllanildi.
Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.