Raqobat qoʻmitasi tomonidan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi klasterlar tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qoʻyilishi va birja savdolarida narxlarni sunʼiy oshishini oldini olish boʻyicha nazorat oʻrnatilib, kunlik va oylik monitoring kuzatuvlari olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida, “Chiroqchi-Klaster” MCHJ va “Kitob Ip Yigiruv” AJlar tomonidan quyidagi holatlar:
umumiy 8 ming 310 tonna mahsulotni birja savdolariga chiqarmasdan, toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar asosida sotilishi;
jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda birjaga mahsulotni qoʻymaslik yoki uni kam hajmda yoxud muvofiq boʻlmagan hajmda qoʻyish;
mahsulotlar boʻyicha jadvallarni belgilangan muddatda birjaning rasmiy veb-saytiga joylashtirmaslik hamda birja savdolarini oʻtkazish chogʻida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar aniqlangan.
Yuqoridagilarga koʻra, oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida 2 ta klaster korxonalarda jami 3,2 mlrd. soʻm asossiz olingan daromadlar aniqlandi. Mazkur holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari buzilishi alomatlari bilan, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan klasterlarga nisbatan Qoʻmita tomonidan tegishli tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan ortiqcha olingan mablagʻni ixtiyoriy ravishda qaytarish va qonun buzilishini bartaraf etish maqsadida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.