Vazirlikning xabar berishicha, jahon bozorida paxta tolasiga talab va takliflarning oʻzgarishlari natijasida paxta tolasining ayni kunlardagi narxlari Respublikamizda 2024-yil hosili uchun belgilangan prognoz narxlariga nisbatan pasayib ketdi.
Buning oqibatida yil boshida tuzilgan fyuchers shartnomasida paxta tolasi uchun koʻrsatilgan narxlar bugungi kun real narxlariga toʻgʻri kelmayotgani sababli ishlab chiqaruvchilar (yaʼni klasterlar) oʻz mahsulotlarini jahon bozorida sotishda juda katta zararga duch kelyapti.
Joriy yilgi yigʻim-terim davrida jahon bozoridagi paxta tolasining shakllangan fyuchers kotirovkalari boʻyicha paxta xom ashyosining boshlangʻich fyuchers narxlari bir tonnasi uchun 6 mln 800 ming soʻm atrofida shakllanayotganligidan kelib chiqib, past narx belgilanadigan boʻlsa fermerlar jabr koʻrishi mumkin.
Shu bois paxta yetishtirishuvchi fermerlar va uni qayta ishlovchi klasterlarning manfaatlarini birdek koʻzlagan holda, ularning katta miqdorda zarar koʻrmasliklari uchun Vazirlar Mahkamasining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi 574-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga koʻra, paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan (elektron hisob-faktura asosida) bir tonna paxta xom ashyosi (paxta-toʻqimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xom ashyosi hamda urugʻlik paxta bundan mustasno) uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1 million soʻm miqdorida subsidiya ajratish koʻzda tutilgan.
Aynan mana shu qaror asosida paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga (ular yetishtirilgan paxta xom ashyosini yuqorida belgilangan tartib asosida realizatsiya qilishsa zarar koʻrmasligi uchun) davlat tomonidan yordam sifatida har bir tonna uchun subsidiya ajratib beriladi.
Alohida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan bir jihat borki, kuz faslining bugungi oʻzgaruvchan ob-havo sharoitida paxta hosilini yogʻin sochinga qoldirmasdan tezroq terib olish nuqtai-nazaridan bu shartnomalarni jadallashtirish katta ahamiyatga ega.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda Surxondaryo viloyati Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi aynan shu holatni nazarda tutgan boʻlishi mumkin, lekin buni yetkazishda anglashilmovchilik yuzaga kelgan va tabiiyki, xatoga yoʻl qoʻygan. – Vazirlik tomonidan paxta yetishtiruvchilarning shartnomasini bekor qilish, fermerlar hamda klasterlar oʻrtasidagi munosabatlar boʻyicha hududiy boshqarmalar va ularning rahbarlariga hech qanday topshiriqlar berilmagan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan mazkur xabarning obyektiv mohiyatini anglab yetish va aynan Hukumat qarori bilan begʻaraz yordam berish masalalarini toʻgʻri talqin qilinishini soʻrab qolamiz.