“Paynet” shahobchasida plastik kartaga pul tushirib, lekin naqd pulni bermay qochib ketayotgan shaxsga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Xavfsizlik 8 Yanvar 2024 1481

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Paynet” shahobchasida plastik kartaga pul tushirib, lekin naqd pulni bermasdan qochib ketayotgan shaxsning videosi tarqalib turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB aniqlangan maʼlumotlar bilan boʻlishdi.

    Taʼkidlanishicha, joriy yilning 3-yanvar kuni 1993-yilda tugʻilgan Xusanov Kamron Xisrav oʻgʻli Olmazor tumanidagi “Paynet” shahobchasiga kirib, plastik kartasiga 682.000 soʻm miqdoridagi pulni oʻtkazishni soʻragan. Aytilgan pul miqdori plastik kartasiga tushirilgandan soʻng, K.Xusanov naqd pulni toʻlamasdan shahobchadan qochib ketgan.

    Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi (“Talonchilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Ushbu shaxsdan jabr koʻrgan yoki uning jinoiy xatti-harakatlari boʻyicha maʼlumotlarga ega boʻlganlar, Toshkent shahar IIBBning 71-206-49-44, 71-206-46-35 yoki 102 raqamlariga murojaat qilish soʻraldi.