Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilandi.
Farmonga koʻra, 2025/2026 oʻquv yilidan pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha:
- pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki taʼlim shakli boʻyicha tashkil etilib, sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;
- oliy pedagogik taʼlim yoʻnalishida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
2025/2026 oʻquv yilidan xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Universitetning xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan taʼlim yoʻnalishlarida dars berish uchun professor-oʻqituvchilarni tanlab olish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
2026/2027 oʻquv yilidan alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Gospital pedagogika” magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
2026-yil 1-sentyabrdan respublikadagi mavjud pedagogika texnikumlarining oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy qilinadi.