Ma'lumki, shaxs tarbiyasi uzluksiz jarayon bo'lib, inson dunyoga kelishidan boshlab, to umrining oxirigacha davom etib boradi. Bu jarayon davomida atrof-muhitdagi voqea-hodisalarning shaxsga salbiy yoki ijobiy ta'sir etishi uning insoniy fazilatlari qay darajada shakllanganligini belgilaydi. Bugungi kunda ta'lim sohasi oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri ham aynan shu maqsadga qaratilgan bo'lib, kelajak avlodni barkamol shaxs sifatida shakllanishini ta'minlashdan iboratdir.
Guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, o'sib kelayotgan yoshlarimiz orasida tarbiyasi og'ir va noqobil farzandlar ham uchrab turadi. Ayniqsa, farzand tarbiyasiga yetarli darajada e'tibor bermaydigan ota-onalarning farzandlari, oilaviy mojarolar tufayli nazoratsiz qolayotgan o'smirlarning taqdiri, ularning tarbiyasi va ta'limiga alohida e'tibor va yondashuv talab etiladi. Ana shunday toifadagi bolalar tomonidan dars jarayoniga nisbatan salbiy munosabat shakllanib boradi.
Yana shuni e'tirof etish lozimki, dars jarayoniga nisbatan salbiy munosabatlarning shakllanishida u yoki bu fanlardan saboq berayotgan o'qituvchilar ham sababchi bo'lishlari mumkin. Tajribalar ko'rsatadiki, o'qituvchining o'quvchiga nisbatan qo'pol muomalasi, o'quvchi qalbiga yo'l topa bilmaslik, o'rinsiz tanbeh va dashnomlar, o'quvchini mensimaslik, adolatsizlik singari illatlar ham o'quvchida o'sha dars berayotgan o'qituvchining nafaqat o'ziga, balki uning faniga nisbatan ham nafrat uyg'otadi.
Agar biz farzandlarimizni har tomonlama etuk, barkamol inson qilib tarbiyalamoqchi bo'lsak, ularning xatti-harakatlarini har tomonlama o'rganishimiz shart. Xalqimizning “bola boshidan” degan iborasiga amal qilib, bolalarimizning ta'lim-tarbiyasida bo'shliqlarga yo'l qo'yib bo'lmaydi. Buning uchun esa ota-onaning, ta'lim muassasalari o'qituvchi-pedagoglari, amaliyotchi psixologlar, jamoatchi tashkilotlar hamda keng jamoatchilikning har biriga tegishli bo'lgan mas'uliyati borki, bu mas'uliyat ularga salmoqli vazifalarni yuklaydi.
Shunday qilib, zamonaviy ta'lim-tarbiya muammosi yetakchi masala sifatida davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan davrda, farzand tarbiyasida oila, ya'ni ota-onalarning ta'lim salohiyati, ta'lim muassasasi bilan aniq maqsadga yo'naltirilgan uzviy o'zaro manfaatli hamkorligi zaruriyati yuzaga keldi. Hozir mohiyati va mazmuni, strategiyasi va tamoyillari bo'yicha ta'sirchan kuchga aylanib borayotgan modernizatsiyalashgan ta'lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik yondashuvlari va usullarining yanada samarador shakllarini ishlab chiqishni taqozo qilmokda. Chunki yaxshi tarbiya topgan bola ta'lim muassasalarida yaxshi va a'lo baholarga o'qiydi. Bugungi kunda o'qitiladigan fanlarni davlat ta'lim standartlari darajasida o'zlashtirilmasligi — bu dars intizomiga to'g'ridan-to'g'ri bog'liq.
Innovatsion pedagogik ta'lim klasterini ta'lim-tarbiya jarayonlariga qo'llash o'zining ijobiy natijasini bermoqda. Bu borada Chirchiq davlat pedagogika universitetida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijasida qo'lga kiritilayotgan ishlar diqqatga sazovorligi bilan ahamiyatli.
Tajribalar ko'rsatadiki, umumiy o'rta ta'lim maktab o'quvchilarining dars intizomiga salbiy munosabati oqibatida fanlardan DTS talablari darajasida o'zlashtirmaslikdan tashqari, qoidabuzarliklar, bezorilik, jinoyatchiliklar sodir etilayotgani hech kimga sir emas. Ota-onalarning befarqligi, mas'uliyatsizliklar, maktab bilan aloqani yo'lga qo'ymaslik, bolaning bo'sh vaqtini nazorat qilmaslik, farzandlarining kelajak taqdiri bilan qiziqmaslik singari holatlar vaziyatni yanada chigallashtirib yubormoqda.
Tarbiya muammosi hammaning ishi — umumxalq masalasi bo'lgani uchun ham dars intizomiga bo'ysunmaydigan o'quvchilar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish, bu ishga keng jamoatchilikni jalb etish, maktab — oila — mahalla — korxona, tashkilotlar rahbarlari, huquqni himoya qiluvchi organlar orqali ota-onalarga ta'sir ko'rsatish, farzandlari o'qiydigan ta'lim muassasalariga tashrif buyurishlariga erishish, ular mas'uliyatlarini oshirish maqsadida olib borilgan tajriba-sinov ishlari o'zining ijobiy natijalarini berdi.
Ana shunday muhim ehtiyojning mavjudligidan kelib chiqib, ushbu maqolamizda keng jamoatchilikka murojaat etmoqchimizki, yoshlar tarbiyasi hammaning ishi bo'lmog'i kerak. Chunki jamiyatimizning taraqqiyoti, xalqimizning farovonligi bevosita shu jamiyatda yashaydigan barkamol avlodga, raqobatbardosh kadrlarga bog'liq. Boshqacha qilib aytganda, barkamol avlob tarbiyasidan butun millat manfaatdor bo'ladi. Dars intizomiga salbiy munosabatdagi o'quvchilar aslida oilada ota-onalarning farzandalari tarbiyasiga loqaydligi, mas'uliyatsizligi oqibatida kelib chiqadi. Shunday hollarda korxona rahbari maktab direktorining murojaatiga asosan o'sha ota-onaga nisbatan intizomiy ta'sir chorasini ko'rishi o'zining ijobiy natijasini berishi tajribalarimizda isbotini topdi.
Korxonada ota-onalar doskasini tashkil etish, farzand tarbiyasida namunali ota-onalarni rag'batlantirish, mas'uliyatsizlarga nisbatan ta'siriy choralarni ko'rish ayni muddao bo'ladi.
Rahmatilla MUSURMONOV,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti “Maktab menejmenti” kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi