Pedagogika universitetida “Karyera markazi” ochildi

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi boʻsh ish oʻrinlari elektron bazasi yaratildi. U orqali talabalar oʻzi yashayotgan tumandan mos ish oʻrnini topishi mumkin.

    Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida yoshlar uchun “Karyera markazi” tashkil etildi. Markaz talabalarga, ayniqsa, bitiruvchilarga hozir mavjud boʻlgan boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumotlar berib boradi.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi boʻsh ish oʻrinlari elektron bazasi yaratildi. U orqali talabalar oʻzi yashayotgan tumandan mos ish oʻrnini topishi mumkin. Elektron baza har oyda yangilanadi va unga yangi boʻsh ish oʻrinlari kiritib boriladi.

    Markazning ochilish marosimi hamda uning maqsad va vazifalariga bagʻishlangan taqdimot boʻlib oʻtdi. Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlari, universitet rahbariyati, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Talabalar oʻzlari qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.

    Markazning maqsadi ish izlayotgan talabalarni yarim kunlik ish bilan taʼminlash, kasbiy oʻsishi, ish beruvchilar bilan oʻzaro aloqalarini rivojlantirishdan iborat. Vazifalari esa universitetda boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari va oʻquv-seminarlar oʻtkazish, talabalar uchun kasbiy sinovlar tashkil etish va ularni kasbga yoʻnaltirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikdan iborat.

    Markaz boʻsh ish oʻrinlari uchun talab etilayotgan bilim, koʻnikma va malakadan talabalarni xabardor qilib borishni asosiy vazifa qilib belgilaydi. Ushbu xizmatda talabalar uchun kelgusida kasb tanlash, suhbat jarayonida asqotadigan tavsiya va vaqt unumdorligini oshiruvchi maslahatlar havola etiladi. Bundan tashqari, yoshlarning ishga munosabati va yondashuvini aniqlab beradigan testlar toʻplami kiritiladi.