Xalqaro onlayn konferensiyada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar – GIZ, DVV, UNISEF, UNESCO yetakchi mutaxassislari hamda Rossiya xalqlar doʻstligi universiteti, Belarusning Professional taʼlim respublika instituti vakillari ishtirok etdi.
– Jamiyatimizda ehtiyoj mavjud boʻlgan sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlash – oldimizda turgan eng asosiy vazifalir, - dedi vazir Inomjon Majidov. – Professional taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash uchun, avvalo, pedagog-kadrlar salohiyatini oshirish lozim. Shu maʼnoda, bugungi xalqaro konferensiya va unda xorijlik hamkorlar bilan boʻlib oʻtadigan muhokamalar, imzolanadigan shartnomalar soha rivoji uchun xizmat qiladi deb oʻylaymiz.
Konferensiya doirasida Belarus davlatining Professional taʼlim respublika instituti (RIPO) bilan professional taʼlim tizimi taʼlim jarayoni sifatini oshirish, milliy malaka tizimini joriy etish va WorldSkills standartlari asosida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarini qamrab olgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining xorijiy migrantlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha belgilab bergan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida Rossiya xalqlar doʻstligi universiteti (RUDN) bilan hamkorlikda migrantlarga rus tilida muloqot qilish va rus tilida kasb oʻrgatishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.