Kechagi xabarimizda 17-fevral kungi dasturlar orasida eng qizigʻi ayollar oʻrtasida figurali uchishning erkin raqs musabaqalari boʻlishini aytib oʻtgan edik. Haqiqatan ham, muz ustidagi bahslar qizgʻin kechdi. Yaqinda oʻtgan jahon chempionatida barchani hayratga solgan va jahon chempioni boʻlgan rossiyalik figurali uchuvchi Kamila Valiyeva oʻz chiqishi davomida bir necha marta yiqilib, jiddiy xatolarga yoʻl qoʻydi.
Mutaxassislar buni uning doping qabul qilgani boʻyicha paydo boʻlgan mojarolar va bundan sportchining ruhiy charchagani bilan bogʻlashdi.
Qizgʻin kechgan bahslarda rossiyalik boshqa sportchi Anna Sherbakova gʻolib boʻldi. Ikkinchi oʻrinni ham rossiyalik figurachi Aleksandra Trusova egalladi. Uchinchi oʻrin yaponiyalik Kaori Sakamotoga nasib etdi. Kamila Valiyeva esa toʻrtinchi oʻrinda qoldi.
Bu ikki medaldan soʻng rossiyalik sportchilar hisobida 26 ta medal boʻlsa-da, ular umumjamoa hisobida 9 oʻrinda borishmoqda. Birinchi oʻrinni esa bir necha kundan buyon norvegiyalik sportchilar hech kimga bermay kelyapti. Ular 14 ta oltin, 7 ta kumush, 8 ta bronza medalni qoʻlga kiritishgan.
Germaniyalik sportchilar esa 10 ta oltin, 7 ta kumush va 5 ta bronza bilan ikkinchi oʻrinni mustahkam egallab turibdi.
AQSHliklar hamon umumiy medallar soni boʻyicha nemislardan bitta medalga ortda qolyapti. Ular hisobida 8 ta oltin, 8 ta kumush va 5 ta bronza bor.