Pensiya jamgʻarmasi boʻlajak pensionerlarga muhim tavsiyalar berdi

    Yoshga doir toʻliq pensiya olish uchun erkaklarga 60 yoshga toʻlganda 25-yil ish staji, ayollarga 55 yoshda 20-yil ish stajiga ega boʻlganda tayinlanadi.

    Pensiya yoshiga yetib, koʻp yillik mehnati samarasini koʻrish, keksalik gashtini surish barchaning hayotdagi maqsadi hisoblanadi. Bunda, albatta keksa yoshidagi daromad manbai — pensiya muhim oʻrin tutadi.

    Shu sababli barchamiz yoshlik paytda oʻzining kelgusidagi pensiyasi haqida qaygʻurishi, bu davrga oldindan tayyorgarlik koʻrishi lozim.

    Kimlarga pensiya tayinlanadi?

    Yoshga doir toʻliq pensiya olish uchun erkaklarga 60 yoshga toʻlganda 25-yil ish staji, ayollarga 55 yoshda 20-yil ish stajiga ega boʻlganda tayinlanadi. Ushbu talab etilganga nisbatan kamroq (kamida 7-yil) ish stajiga ega boʻlganlarga toʻliqsiz pensiya tayinlanadi, yaʼni pensiya kamroq hisoblanadi.

    Ish stajiga nimalar kiradi?

    Pensiya tayinlashda ish stajiga rasmiy ishlab, ish haqi hisoblangan davrlar, yakka tartibdagi tadbirkor, oʻzini-oʻzi band yoki xorijda ishlagan shaxs sifatida Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq toʻlangan davrlar ish stajiga hisoblanadi.

    Maʼlumot uchun: ayol kishi rasmiy ishlab, ish haqi hisoblangan va yakka tartibdagi tadbirkor, oʻzini-oʻzi band yoki xorijda ishlagan shaxs sifatida ijtimoiy soliq toʻlangan davrlari jami 20-yil boʻlganda 54 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqish imtiyozi mavjud.

    Bunda, yuqoridagi davrlar uchun kamida 7-yil ish stajiga ega boʻlganda fuqaroning xarbiy xizmat, oliy oʻquv yurtidagi kunduzgi oʻqish hamda bola parvarishi uchun taʼtilda boʻlgan (har bir bola uchun 3-yil, jami 6-yilgacha) davrdlar ham umumiy ish stajiga qoʻshiladi.

    Pensiyaga tayyorgarlik qanday amalga oshiriladi?

    Pensiya fuqaroning rasmiy ishlagan davri va soliq toʻlangan ish haqi (daromadi) inobatga olinadi. Yaʼni, fuqaro rasmiy ishlab, rasmiy daromad olgan sari yilma yil pensiyaga huquqi shakllanib boradi.

    Demak, har bir fuqaro ish faoliyati va daromadini rasmiylashtirish orqali pensiyaga tayyorgarlik koʻrib boradi.

    Barchamiz pensiya yoshiga yaqinlashib qolamiz va endi pensiya haqida oʻylashni boshlaymiz. “Endi menga qancha pensiya chiqar ekan?”, “Yuqori miqdorda pensiya olarmikinman?” kabi savollar bizni qamrab oladi. Yaʼni, endi biz pensiyaga qanday chiqish, qayerga murojaat qilish, pensiya qanday hisoblanishi, bunda nimalar hisobga olinishiga qiziqishni boshlaymiz. Pensiya tayinlangandan soʻng esa koʻpchilik fuqarolarimizda “Nega menga kam miqdorda pensiya tayinlandi?”, “Meni hisobim boʻyicha koʻproq pensiya olishim kerak edi?” kabi savollar tugʻiladi.

    Mana shunday savollar fuqarolarda boʻlmasligi, yuqori miqdorda pensiyaga chiqish uchun pensiya yoshiga yaqin qolgan fuqarolarimiz, shuningdek, yoshlarimizga quyidagi tavsiyalarni bermoqchimiz:

    Birinchidan, mehnat faoliyatingiz rasmiy shaklda ketayotganligiga, ishlayotgan tashkilotingizda sizga ish staji yozib borilayotganligiga ishonch hosil qiling. Buni oʻzingiz mustaqil ravishda my.gov.uz portali orqali tekshirib olsangiz ham boʻladi.

    Ikkinchidan, raqamlashtirish davrida yashayotganligimizni hisobga olib, oʻz ish beruvchingizdan ish stajlaringiz toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini raqamlashtirishni talab qiling.

    Uchinchidan, tashkilotingiz tomonidan sizga rasmiy shaklda ish haqi toʻlanayotganligiga eʼtibor bering. Bunda, sizga hisoblangan ish haqi, haqiqatan qoʻlingizga oladigan ish haqingiz, ushlab qolinayotgan daromad soliqlari, jamgʻarib borilayotgan pensiya uchun oʻtkazilayotgan mablagʻlar va boshqalarni doimiy ravishda tekshirib boring.

    Toʻrtinchidan, agarda siz norasmiy shaklda faoliyat yuritayotgan boʻlsangiz, oʻz-oʻzini band qilgan holda roʻyxatdan oʻtib, Pensiya jamgʻarmasiga belgilangan tartibda ijtimoiq soliq toʻlab boring. Bu orqali siz ish stajingizni koʻpaytirib borasiz.

    Beshinchidan, pensiya qonunchiligiga oid yangiliklar, maʼlumotlar bilan muntazam ravishda tanishib boring, kiritilayotgan oʻzgarish va qoʻshimchalardan xabardor boʻling.

    Oltinchidan, hozirda mehnat faoliyati yuritmayotgan boʻlsangiz, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlariga mehnat daftarchangizdagi maʼlumotlarini raqamlashtirishni soʻrab murojaat qilishingiz lozim. Bunda, raqamlashtirilgan maʼlumotlaringizni my.gov.uz portalida koʻrishingiz mumkin.

    Mehnat faoliyatingiz toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hozir raqamlashtirib qoʻysangiz pensiyaga chiqish vaqti kelganda ortiqcha ovora boʻlib yurmaysiz.

    Yuqoridagi tavsiyalar asosida mehnat faoliyatingizni olib borsangiz, pensiya yoshiga yetganda pensiya taʼminoti kafolatlanadi.

    Qoʻshimcha maʼlumotlar, pensiyaga oid har qanday masala boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining 1271 raqamli Call markazi orqali savollaringizga javob olishingiz mumkin.