Xabarda aytilishicha, firibgarlar oʻzlarini bank yoki Pensiya jamgʻarmasi xodimi sifatida tanishtirib, goʻyoki kelgusi oydan pensiya miqdori oshirilishini vaʼda qilishmoqda.

Ular fuqarolarning ishonchiga kirish maqsadida pensiya oshishi uchun plastik karta yoki pasport maʼlumotlari, shuningdek, telefonga kelgan tasdiqlash kodini aytish zarurligini taʼkidlashadi. Aks holda, pensiya miqdori oshmay qolishi yoki kartangizga tushmasligi bilan qoʻrqitish holatlari kuzatilmoqda.Shu munosabat bilan fuqarolardan hushyor boʻlish soʻraldi.

"Pensiya jamgʻarmasi xodimlari hech qachon telefon orqali shaxsiy maʼlumotlarni yoki SMS-kodlarni soʻramaydi. Begona shaxslarga pasport maʼlumotlari, bank kartasi raqamlari yoki JSHSHIR (PINFL) kabi maʼlumotlarni taqdim etishdan saqlaning.
Agar siz yoki yaqinlaringiz shu kabi shubhali holatlarga duch kelsangiz, darhol Pensiya jamgʻarmasining 1271 qisqa raqamli ishonch telefoniga yoki 102 raqami orqali ichki ishlar organlariga xabar berishingiz soʻraladi. Oʻzingiz va yaqinlaringizning xavfsizligiga befarq boʻlmang", — deyiladi xabarda.