Mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilingan qonunlardan biri “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonundir. Ushbu Qonun 1993-yilda qabul qilingan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining qariganda, mehnat qobiliyatini toʻliq yoki qisman yoʻqotganda, boquvchisiz qolganda ijtimoiy taʼminlanishdan iborat konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish, davlat pensiyalarining yagona tizimini, ularni tayinlash, hisoblab chiqarish, qayta hisoblash va toʻlash tartibini belgilaydi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 4 million nafarga yaqin pensiya va nafaqa oluvchilar bor. Soʻngi yillarda Pensiya jamgʻarmasi tomonidan fuqarolarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, tizimni takomillashtirish hamda mavjud muammolarni oʻrganish natijasida pensiya va nafaqa oluvchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar yuz foiz jamgʻarma orqali toʻlanishi joriy etilishi, ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush oʻrtoqlari kelgusida pensiya taʼminotiga ega boʻlishlari uchun imkoniyat yaratilishi, pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga koʻra roʻyxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha tayinlanishi va toʻlanishi, fuqaroning ish stajini tasdiqlashning soddalashtirilishi, tayinlangan pensiya va nafaqalarning tekshirish talablarini qisqartirish kabi yengilliklar joriy etildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda ham rivojlangan mamlakatlar singari 2022-yil 1-iyuldan boshlab faqatgina pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi taqdim etish orqali pensiyalarni rasmiylashtirish imkoni mavjud boʻladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Pensiya tizimidagi islohotlar: amaliyot va istiqboldagi rejalar” mavzuida boʻlib oʻtgan tadbirda shu xususda soʻz bordi.

Tadbirda deputatlar sohada qonunchilikni takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil tushuntirish berdi. Shu bilan birga, Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasiga kelib tushayotgan murojaatlarning 40 foizdan ortigʻi aynan pensiya taʼminotiga tegishli masalalarga oid ekanligi sohada hali qator muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda.

Davra suhbati yakunida deputatlar va ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida sohadagi mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan qoʻmitaning tegishli taklif va tavsiyalari hukumatga taqdim etiladigan boʻldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.