Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida davlat pensiya taʼminoti tizimini takomillashtirish hamda fuqarolarning pensiya miqdorlarini mamlakatning iqtisodiy koʻrsatkichlariga muvofiq izchil oshirib borilishini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Oʻtgan yil davomida:

- pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari 14 foizga oshirilib minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan kam boʻlmasligi taʼminlandi;

- minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan (500 ming soʻmdan) yuqori miqdorlardagi pensiya va nafaqalar esa 12 foizga oshirildi;

- nogironlik pensiya va nafaqalarining eng kam miqdori esa 440 ming soʻmdan 698 ming soʻmgacha yaʼni 1,6 baravarga oshirildi.

Bundan tashqari toʻlovlarni bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy qilindi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi “2022—2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmonlariga asosan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori yaʼni yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki baravarigacha oshirildi.

2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 3 888 000 soʻm etib belgilandi.

Mazkur Farmonga asosan, 2022-yil dekabr oyida oʻrtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan yaʼni 3 240 000 soʻmdan yuqori boʻlgan 371 ming nafar pensiya oluvchilaring pensiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilindi va pensiyasi oshadigan fuqarolarga 2022-yilning dekabr oyida SMS xabar joʻnatildi.

Ushbu tartibning joriy etilishi yuqori ish haqi olgan va pensiya tizimiga yuqori hissa qoʻshgan fuqarolarga munosib pensiyalarni tayinlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib koʻproq haq olishiga qiziqishini oshirish, yashirin iqtisodiyotdan chiqishga, mamlakatimiz iqtisodiyotini isloh qilishda va rivojlantirishda faol ishtirok etishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Yuqoridagi amalga oshirilgan islohatlar natijasida yoshga doir pensiya oluvchilarning oʻrtacha miqdori 2023-yil 1-fevral holatiga 1,1 mln.soʻmni tashkil etib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16% oʻsgan.

Bugungi kunda,

  • zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 500 000 soʻm;
  • ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda — oyiga 500 000 soʻm;
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 633 000 soʻm;
  • nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 698 000 soʻm;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 698 000 soʻmni tashkil etadi.