Bu masalaga hudud imkoniyatlari, tabiat talabi, odamlar ehtiyoji hisobga olinib, turlicha yondashuvlar mavjud. Masalan, tog'li qishloqlarda, iqlim sharoitidan kelib chiqib, aholini band qilishning o'ziga xos yo'li – chorvachilik, bog'dorchilik, turizmni rivojlantirish kabi yo'nalishlar tanlanadi. Vodiyda, dasht va cho'l hududlarda yana o'zgacha. Bu borada Toshkent viloyati Piskent tumanida ham o'ziga xos tajriba shakllanmoqda.
Tez va sodda usul bilan kambag'allikdan chiqish yo'li
Piskentda yirik zavod-fabrikalar yo'q. Lekin borgan odam bu erni Xitoyga o'xshatadi. Chunki piskentliklar mirishkor, tadbirkor keladi, har bir xonadonda nimadir etishtiriladi, biron mahsulot tayyorlanadi. Masalan, bir sotix joyda ham bog'dorchilik, ham dehqonchilik qilinadi. Kosiblik, tikuvchilik kabi hunarlar yaxshi rivojlangan. Aholining suruv-suruv qo'y-echkisi bo'lmasa-da, tomorqada chorva bilan shug'ullanishning hadisini olgan. Ayrim mahallalarda etishtirilgan uzumlar Parkentnikidan sira qolishmaydi.
Albatta, hayot to'kis emas. Kamchiliksiz, muammosiz kun kechirish qiyin. Shunday chog'da ortingizda qo'llab-quvvatlab turguvchi davlatingiz bo'lsa, ko'ngil xotirjam yashaysiz, maqsadga erishish yo'liga o'tasiz, intilish kuchayadi.
Har mahallada o'ziga xos tajriba va ko'nikma bor
Tumandagi “G'ayrat” MFY aholisi azal-azaldan tomorqada qulupnay va pomidor etishtirish bilan shug'ullanib keladi. Shundan kelib chiqib, aholining ko'nikma va tajribalariga tayangan holda, ushbu hududdagi qishloq xo'jaligida samarasiz foydalanib kelinayotgan 40 gektar er maydonidan qulupnay va pomidor etishtirish maqsadida issiqxona qurish uchun 10 gektardan, uzumzor barpo qilish uchun esa 20 gektar er 300 ta xonadonga ijara asosida ajratib beriladigan bo'ldi.
Natijada ishsiz 260 ga yaqin fuqarodan 170 nafari shu er maydonidan foydalangan holda o'zini o'zi band qilish taklifiga rozilik bildirdi.
“G'ayrat” MFY tuman markaziga yaqin joylashgan. Bu ham mahallani yanada obod qilish imkonini kengaytiradi. Tuman aholisining uy-joyga bo'lgan talabini inobatga olgan holda mahalla hududida qishloq xo'jaligida foydalanilmay kelinayotgan 19 gektar er maydonida jami 200 xonadonli 10 ta ko'p qavatli uy qurishga kirishildi. Bunda Prezidentimizning 2019 yil 10 yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni asos bo'ldi.
Bu bilan ham tuman markazi kengayadi, ham mahalla infratuzilmasi yaxshilanadi, ham yuzga yaqin fuqaro vaqtincha bo'lsa-da, qurilish ishlariga jalb qilinib, oylik maoshga ega bo'ladi.
Piskentda kreditni sodda yo'l bilan ajratish tizimi joriy etilgan
Tumanda tadbirkorlikni boshlash, o'z tomorqasidan samarali foydalanish istagidagi fuqarolarga kreditni eng sodda yo'l bilan ajratish tizimi yo'lga qo'yilgan.
– Ishsizligim uchun “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edim, – deydi “Oybek” mahallasida yashovchi Sanjar Sultonqulov. – ehtiyojmand bo'lib yashashni emas, tadbirkor bo'lishni istayman. Shuning uchun tuman hokimligiga bordim. Hokim zotdor quyon boqishni tavsiya qildi. Yanvar oyida “Mikrokreditbank”dan 4 kun ichida 30 million so'm imtiyozli kredit oldim. Olgan 50 quyonim bir oyda 90 taga etdi. Quyon etti xazinaning biri, juda tez ko'payar ekan. Kuni kecha yana hokim qabuliga borib, endi quyonchilik fermasi tashkil qilmoqchiman, dedim. Hokimga loyiham yoqdi, qo'llab-quvvatladi. “Lola ariq” mahallasidan auktsion orqali 10 sotix er olyapman. Hovliga subsidiya asosida issiqxona ham qurib berilgan edi, ichiga tok ko'chatlari va bulg'or qalampiri ekkanmiz. Ko'rib turganingizdek, 2 sotix tomorqamdan anchagina daromad kutyapmiz.
Manzura Dadaboeva boquvchisi yo'qligi bois “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi. “Mahallabay” o'rganishlarda uning tadbirkor bo'lish istagi aniqlandi. Tadbirkorlikka ko'maklashish markazida o'qib, sertifikat oldi. Opa ajratilgan 20 million so'm imtiyozli kreditga 4 ta tikuv mashinasi xarid qilib, ishni boshladi. Bugun Manzura opa “Ayollar daftari”dan chiqib, tadbirkor ayol, degan nom qozondi. Mahallasidagi o'zi singari ishsiz ayollarning 3 nafarini ish bilan ta'minladi.
Uning shogirdi Dilaver Mirzaev esa “Yoshlar daftari”da. 24 yoshli bu yigit tengdoshlaridan farqli ravishda dizaynerlikka qiziqadi. Tadbirkorlik markazidagi biznes kurs uning orzularini ro'yobga chiqarishga turtki berdi. U o'quv markazida 10 nafarga yaqin mahalladoshini band qilgan. Ularga ham hunar o'rgatib, ham ish bilan ta'minlagan.
– Mahalla raisi va bank xodimlari bilan suhbatlashib, 30 million so'm kredit olish arafasidaman. Maqsadim – liboslarimni respublika, qo'shni davlatlarga ham chiqarish, – deydi tadbirkor yigit.
Nasiba Umarova kasb-hunar kollejini bitirgan, lekin hech qaerda ishlamas edi. Sinfdoshlari qatori u ham “Yoshlar 1+1” loyihasi doirasida o'qidi, sertifikat oldi. Kuni kecha sertifikat asosida kredit olib, o'zining ilk sarmoyasiga 3 ta tikuv mashinasi xarid qildi. endi Nasiba uyidan chiqmay ham dugonalari bilan daromad topishi mumkin.
Turmush o'rtog'i vafotidan so'ng to'rt farzandni yolg'iz ayol boshi bilan katta qilish Matluba Tojiboevaning zimmasiga tushdi. “Qo'ldan berganga qush to'ymas”, deganlari to'g'ri ekan. Sektor va homiylarning oziq-ovqat, moddiy yordami ro'zg'orga etmasdi. Mahalla faollari uning hovlisiga issiqxona qurib berishni taklif qilishgandi, rozi bo'ldi.
– Issiqxonada farzandlarim bilan ishlab, o'zimizni tiklab olamiz. Bundan tashqari, tovuqlar berildi. Yaxshi bo'ldi, ko'paytirsak go'sht, tuxum o'zimizdan chiqadi. Ro'zg'ordan ortganini sotamiz, – deydi Matluba opa.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 8 aprel` kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta'minlash borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o'tkazgan videoselektor yig'ilishida: “Biz qanchalik ko'p mablag' bermaylik, farmon-qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, quyi pog'onadagi rahbarlar dunyoqarashini o'zgartirib, tadbirkor bilan do'st bo'lib ishlamasa, natija bo'lmaydi”, degan edi. Haq gap. Sharoit, imkoniyat bor, huquqiy asoslar, mablag' etarli, shunga yarasha natija ham bo'lishi kerak. Piskentliklar bugun ana shu tamoyilga asoslanib mehnat qilmoqda. Natijalar ham shunga yarasha.