Mahallalarning o'ziga xos “o'sish nuqtalari” — drayverlarini belgilash bugun aholi bandligi va doimiy daromad manbaiga ega bo'lishini ta'minlashda yaxshi samara bermoqda. Mutasaddilar ko'magida odamlar o'zi qiziqqan tarmoq atrofida birlashib, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida ham yashash joyini rivojlantirish, ham o'zi va atrofdagilarni ish bilan ta'minlashga hissa qo'shyapti.

Piskent tumani “G'ayrat” mahallasi aholisi qadimdan tomorqasida qulupnay yetishtirib kelgan va bu borada katta tajribaga ega. Hududning “o'sish nuqtalari” belgilab olingach, aholi bandligini oshirish maqsadida 20 gektar yer  uzumchilik, 10 gektar yer limonchilik hamda 10 gektar yer maydoni qulupnay yetishtirish uchun ajratildi.

Tuman hokimligi tashabbusi bilan bahor fasli oxirlarida 10 gektar maydonda qulupnay yetishtirishga mo'ljallangan issiqxonalar qurish loyihasi ishlab chiqilib, jarayon boshlab yuborildi. Avgust oyi o'rtalarida qurib bitkazilgan har biri 10 sotixlik issiqxonalarga ko'chatlar ekilib, zamonaviy tomchilatib sug'orish tizimi o'rnatildi. Loyihaga ko'ra, ushbu issiqxonalarda yetishtirish uchun Koreyaning serhosil va chidamli “Soll xyang” qulupnay navi tanlandi. U dehqonga bir yilda uch martagacha hosil olish imkonini beradi. Ayni paytda tayyor issiqxonalar tumandagi asosan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro'yxatga olingan fuqarolarga 10 yil foydalanish muddati bilan 3 yillik 14 foizli imtiyozli kredit asosida berilmoqda.

— Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Toshkent viloyatini rivojlantirish dasturiga ko'ra, mahallalarning ixtisoslashuv yo'nalishlarini aniqlash va yangi tadbirkorlikni, shu jumladan, “drayver” loyihalarni amalga oshirishda har bir hududning ijtimoiy-iqtisodiy o'sishini ta'minlash asosiy vazifalar sifatida belgilangan, — deydi tuman hokimi maslahatchisi Sherzod Kamalov. — 102 ming aholi istiqomat qiladigan Piskent tumani agrar sohaga ixtisoslashgan. Odamlar asosan bog'dorchilik, uzumchilik, chorvachilik bilan shug'ullanadi. Masalan, “Bir mahalla — bir maxsulot” tamoyili asosida “Navoiy” mahallasida bulg'or qalampiri, “Bekobod”, “Mingtepa”, “Yangiobod” mahallalarida uzumchilik, “Kultepa” mahallasida kartoshka yetishtirish yo'lga qo'yilgan. So'nggi yillarda boshqa yo'nalishlar ham rivojlanmoqda. Jumladan, “Bekobod” MFYda 40 dan ortiq xonadonda qo'shnilar birgalikda tikuvchilik bilan shug'ullanyapti. “Har bir oila — tadbirkor” dasturi asosida xotin-qizlar xonadon va mahalla idorasi atrofida mini sexlar tashkil etgan. Tumanda 159 nafar odam 2 milliard 856 million so'mlik imtiyozli kredit olib, 300 dan ortiq kishi ish bilan ta'minlandi. 200 dan ziyod tikuv mashinalari homiylik hisobidan tarqatildi. Bu orqali yuzlab fuqarolar ishlik bo'ldi. “G'ayrat” mahallasida amalga oshirilayotgan qulupnay yetishtirishga mo'ljallangan issiqxonalar qurish loyihasi ham aholi bandligini ta'minlashga qaratilgan.

Loyihaga ko'ra, ilk bosqichda 100 ta issiqxona qurish ko'zlangan bo'lib, bugunga qadar 60 tasi bitkazildi. Hozirda 40 nafar ishsiz fuqaro ushbu issiqxonalarni ijara shartnomasi asosida olib, yerga dastlabki ishlovni bermoqda. Issiqxonalardan biriga talabgor bo'lgan Bahodir Oxunjonovning qulupnay ko'chatlari esa ilk gullarini ham chiqardi. “Maylobod” mahallasida yashovchi bu yigit issiqxonada ishlash uchun har kuni 1,5 kilometr masofa yo'l bosib kelishdan og'rinmaydi. Boisi, avvaliga yangilik bo'lgan bu mashg'ulot hozir uning o'ziga ham zavq bag'ishlamoqda.

— Yoshim 33 da, oilaliman, — deydi Bahodir. — Ishsiz bo'lganim sababli ro'zg'or tebratishda qiynalib qoldim. Yordam so'rab, tuman hokimligiga murojaat qildim. Avvaliga, moddiy yordam so'radim. Biroq mutasaddilar qulupnay yetishtirishning foydasi, yaratilgan imkoniyat haqida so'zlab berishganidan keyin bu ishga qiziqib qoldim. O'zlari ekib, parvarishlashni o'rgatishdi. Nasib etsa, ilk hosilning o'zidan kredit to'lovini yopish niyatidaman.

Mutasaddilar joylarda aholi bilan uchrashib, qulupnay yetishtirishning afzalliklari, olinadigan daromad haqida ma'lumotlar beryapti. Jarayonga jalb etilgan mutaxassislar agrotadbirlarni olib borish o'z tavsiyalarini ayamayapti. Axir, issiqxonaga ekilgan yangi qulupnay navini parvarishlashni hamma ham birdaniga uddalay olmaydi-da.

Bu bilan ushbu nav ancha injiq, bizning sharoitga moslashishi qiyin, demoqchi emasmiz. Aksincha, uni to'g'ri parvarishlab, yo'l-yo'rig'iga amal qilgan dehqon odatdagidek faqat qulupnay mavsumida emas, balki yilda uch marta hosil olib, yaxshigina daromadga ega bo'lishi mumkin. Qishning qahraton sovuqlarida ham bozorlarni bezab turadigan bu qulupnayning haridorlari doim topiladi.

Yana bir qulayligi, mazkur nav sovuqsevar bo'lgani bois, uni yetishtirishda isitish tizimidan foydalanish talab etilmaydi. Bahordan to kuz faslining o'rtalarigacha issiqxona usti ochiq turadi. Sovuq mavsum tushganda esa uch qavatli plyonka bilan yopiladi. Mutaxassislarning aytishicha, mana shu issiqlikning o'zi qulupnay uchun yetarli bo'ladi. Gap shundaki, ushbu nav nihoyatda chidamli bo'lib, ketma-ket 20 kun minus 5 gradusda tursa ham, muzlab qolmaydi.

Yurtimiz sharoitida sekin-asta ommalashayotgan “Soll xyang” qulupnay navi bir hosilga kirganida 2 oygacha meva beradi. Loyiha tashabbuskorlari issiqxonadan bir yilda kamida 50—100 million so'm daromad olish mumkinligini ta'kidlamoqda. Demak, issiqxonada mehnat qilgan kishi o'zi va oilasini moddiy ta'minlash barobarida, yurtdoshlarimiz dasturxoniga yil davomida qulupnay mevalari yetib borishiga hissa qo'shadi.

Ushbu daromadli loyihani aholining talab va takliflaridan kelib chiqqan holda, viloyatning boshqa tumanlarida ham davom ettirish ko'zda tutilgan.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri