Poyezdda yoʻqolgan buyumlarni qaytarib olish mumkinmi?

    Qonunchilikka koʻra, yoʻlovchi tashish poyezdida yoʻqolgan va topib olingan buyumlarni 30 kun davomida hech kim talab qilib kelmasa, vokzal boshligʻi dalolatnoma va roʻyxat bilan hujjatsiz yuklar omboriga joʻnatadi.

    Qayd etilishicha, yoʻlovchilar tomonidan yuk saqlash xonalaridan olinmagan buyumlar chiqarib olinganda, ularning roʻyxati bilan birga dalolatnoma tuzilishi kerak. Yuk egasining joylashgan joyini aniqlashning iloji boʻlsa, unga zudlik bilan buyumlar turgan joy haqida xabarnoma joʻnatiladi.

    Topilgan buyumlarni egasi oʻsha yoʻqolgan buyumlarning aniq alomatlarini, ular nimadan iborat ekanligini yozma ravishda koʻrsatgan yoki buyumlarni qulflovchi qulflarga kalitni taqdim qilgan holda isbotlab berishi kerak.

    Agar buyumlar ular topib olingan yoki topshirilgan vokzalda saqlanayotgan boʻlsa, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilgandan keyin, vokzal boshligʻi farmoyishiga asosan egasiga topshiriladi.

    Buyumlarni qabul qilib olishda uning egasi tashuvchiga lozim boʻlgan barcha toʻlovlarni (saqlash, oʻrash, bagaj tarifi boʻyicha tashish va eʼlonni chop etish, agar bu qilingan boʻlsa) toʻlashi, shuningdek, buyumlarni qabul qilib olganligi haqidagi tilxatni hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilishi kerak. Buyumlarni saqlash uchun barcha toʻlovlar belgilangan tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.