Pokiston bilan harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun maʼqullandi

    Xalqaro hamkorlik 23 Iyun 2023 829

    Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (Islomobod, 2022-yil 3-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Muhokama chogʻida senatorlar Oʻzbekiston va Pokiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari chuqur tarixiy ildizga ega ekanini taʼkidladi.

    Hozirgi vaqtda bu ikki davlat oʻrtasida oʻzaro ishonch va yuksak hurmatga asoslangan manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevorga aylandi.

    Bitimning asosiy maqsadi teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyili asosida ikki mamlakat oʻrtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish ekani qayd etildi.

    Senatorlar ratifikatsiya qilish uchun taqdim etilgan Bitimning ahamiyatini yuqori baholab, Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi harbiy-texnikaviy sohadagi hamkorlik ikki davlat qurolli kuchlarining mudofaa salohiyatini yanada oshirish va mintaqaviy xavfsizlik asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

    Senatorlar Bitimning qabul qilinishi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga yangi turtki berishini va davlatlar oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.