Madaniy markaz hududida O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtaev «Do‘stlik ramzi» daraxtini o‘tqazdi.
Marosimda Karachi shahrining yirik tadbirkorlari, eksport-import korxona rahbarlari, biznes doira va turistik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan «Diners Group» kompaniyasi rahbari Sohail Moten mazkur savdo uyi va madaniy markaz ikki mamlakat o‘rtasidagi mintaqaviy bog‘liqlikni qayta tiklash, o‘zaro savdo hajmlarini yanada oshirish, investorlar uchun zarur ma’lumotlarni taqdim qilishini ta’kidladi.
O‘zbekiston elchisi o‘z nutqida ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy aloqalardagi joriy sur'atni saqlab qolish va uni yanada yaxshilash, madaniy rishtalarni jonlantirish borasida mamlakatimiz rahbariyati va hukumati tomonidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
«Savdo munosabatlarimiz nomenklaturasini yangi birliklar bilan boyitish, tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish borasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni samarali ijro etishimizga zamin yaratadi», - dedi Alisher To‘xtaev.
Shuningdek, tadbirda savdo uyi va madaniy markaz Pokiston va O‘zbekiston, Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy bog‘liqlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishda istiqbolli loyihalar va zamonaviy yechimlarni ishlab chiqish, ikki millat o‘rtasida uzilib qolgan rishtalarni qayta tiklash uchun mustahkam poydevor bo‘lishi ta'kildlandi.
Savdo uyida O‘zbekiston sanoat mahsulotlari – to‘qimachilik sohasi namunalari, ip-kalava, jun va teri, plastik granulalar, quruq mevalar joylashtirilgan. Hozirda mahsulotlar soni va turini ko‘paytirish borasida ishlar olib borilyapti.
Binoga o‘rnatilgan katta ekranda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent shaharlarining sayyohlik maskanlari, mamlakatimizning sanoat va investitsion imkoniyatlariga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.