Beruniy tumani hokimi Otabek Saparboyev bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda sogʻliqni saqlash, yengil sanoat va mehnat migratsiyasi sohalarida loyihalar amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, 750 ming dollarlik “Koʻz kasalliklari boʻyicha innovatsion klinikani kengaytirish, asbob-uskunalar bilan jihozlash” investitsiya loyihasi koʻrib chiqildi. Loyiha doirasida qoʻshimcha klinika binosi qurilib, innovatsion jihozlar keltiriladi. Uni 2023-yilning birinchi choragida yakunlanishi kutilmoqda. Shuningdek, 2022-yilda “Allians Textile” toʻqimachilik klasteri tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Polshaga eksport qilishni tashkil etish masalasi ham oʻrganildi.

Beruniy tumani hokimligidan maʼlum qilishlaricha, tumanda 7 ming nafargacha ishsizlar roʻyxatga olingan. Shu munosabat bilan 2022-yilda tuman aholisini Polsha korxonalarida ish bilan taʼminlashni tashkil etish masalasiga eʼtibor qaratildi. Elchixona bilan hamkorlikda ish beruvchilarni topish, mehnat shartnomalari imzolash va boshqa tashkiliy masalalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi 35-umumtaʼlim maktabida ham boʻlib, oʻquvchilar, oʻqituvchilar va taʼlim muassasasi rahbariyati bilan suhbatlar oʻtkazildi.

“Dunyo” AA muxbirining taʼkidlashicha, muloqotlar natijalari hududga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etish, uning eksport salohiyatini oshirish, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi.