Tojikistonda Pomirning gʻarbidagi Fanlar akademiyasi tizmasida joylashgan ikkita choʻqqi qayta nomlandi.

Jumladan, Korjenevskaya choʻqqisi “Ozodi”ga, “Ozodi” esa “Sangtalak”ga oʻzgartirildi, deb xabar berdi “Aziya plyus” agentligi.

Tojikistonning til va atamashunoslik qoʻmitasi raisi Olimjon Muhammadjonzodaning maʼlum qilishicha, 2020-yilda qoʻmita aholi punktlarining 844 ta nostandart nomlanishini koʻrib chiqib, ularni qayta nomlash boʻyicha loyihalar tayyorlagan.

Korjenevskaya choʻqqisi Fanlar akademiyasi tizmasining shimoliy qismida, Tojikiston va Oʻrta Osiyoda eng baland hisoblangan Ismoil Somoniy choʻqqisidan 13 km shimolda joylashgan boʻlib, balandligi 7105 metrni tashkil qiladi. Choʻqqi 1910-yilda rus geografi Nikolay Korjenevskiy tomonidan ochilgan. Tadqiqotchi choʻqqini oʻzining rafiqasi Yevgeniya Korjenevskaya sharafiga shunday atagan.

“Ozodi” choʻqqisi (endilikda Sangtalak) esa Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tashabbusi bilan 2009-yilda shunday nom olgan. Bungacha esa 6230 metr balandlikka ega choʻqqi nomsiz boʻlgan.