Agentlik xabariga koʻra, “Poytaxt bank” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz aksiyalar paketini Birlashgan Arab Amirliklarining “Bond Investments limited LLC” kompaniyasiga 10,0 mln. AQSH dollari miqdordagi sotib olish toʻlovini biryoʻla amalga oshirish sharti bilan sotish boʻyicha kelishuvga erishilganligini maʼlum qilgan.
Avval xabar berilganidek, mazkur bank davlat ulushini ommaviy savdo jarayoni natijasida “Ekspobank” AJ (Rossiya Federatsiyasi) bilan tegishli kelishuv imzolangan edi.
Biroq, xalqaro munosabatlarda yuzaga kelgan vaziyat sababli Ekspobank tomonidan amaldagi kelishuv shartlarini bajarish imkoniyati mavjud emasligi inobatga olinib uni oʻzaro kelishuvga asosan bekor qilingan.
Shundan soʻng, Davaktiv agentligi va xususiylashtirish jarayoniga jalb etilgan xalqaro professional konsultant “Deloitte” tomonidan strategik investorlardan takliflarni qabul qilish ishlari davom ettirilgan.
Jarayon davomida “Bond Investments limited LLC” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan taklif avvalgi talabgorlarning bildirgan sotib olish qiymatidan hamda mustaqil baholovchi (“KPMG” xalqaro kompaniyasi) tomonidan baholangan qiymatdan yuqori boʻlgan tijorat taklifi hisoblanadi.
Mazkur jarayon konsultant “Deloitte” tomonidan muvofiqlashtirilgan va oldi-sotdi shartnomasi loyihasi tayyorlangan, konsultant tomonidan “Bond Investments limited LLC” kompaniyasi hamda unga tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi, AQSH, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining ochiq sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi oʻrganilgan.