Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi, Toshkent shahar hokimligining mutasaddilari, Nagoya shahar meriyasi vakillari, «Yaponiya-O‘zbekiston» va «O‘zbekiston-Yaponiya» jamiyatlarining vakillari ishtirok etdilar.
Toshkent shahar turizmni rivojlantirish departamentining boshlig‘i Sanjar Tadjiev o‘z nutqida Nagoya shahar merini yaqinda saylovlarda erishilgan g‘alaba bilan tabriklab, O‘zbekiston prezidentining Yaponiyaga tashrifi davomida Toshkent bilan Nagoya o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi shaharlarimiz o‘rtasidagi ishonchli aloqalarga asos solganligini ta’kidlab o‘tdi.
Shaharlarimiz fuqarolarining hayot tarzi va manfaatlari Toshkent bilan Nagoya o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish uchun asos bo‘ldi. Ular sport, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik loyihalarida namoyon bo‘lmoqda. Hamkorlikning amaliy misoli Nagoyada O‘zbekistonning turistik salohiyatini namoyon qiluvchi maxsus avtobusning ishga tushirilganidir.
Yana bir misol – Nagoya shahar meriyasida dekorativ-amaliy san'at ustalarimizning doimiy ko‘rgazmasi tashkil etilganidir. Qo‘shma seminar, shaharlarimiz haqida olingan lavhalar, joriy yilning boshida Toshkent ishbilarmonlik doiralari vakillarining Yaponiyaga tashrifi ham o‘zaro aloqalarimizni taraqqiy ettirishda muhim omil bo‘lmoqda. Shuningdek, Sanjar Tadjiev Nagoya shahri vakillarini 2021-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro turizm yarmarkasiga taklif qildi.
Davra suhbatining barcha ishtirokchilari ushbu tadbirning samaradorligini ta’kidlab, kelgusida bunday uchrashuvlarni yana tashkil qilish niyatini bildirdilar, deb xabar beradi Toshken shahar hokimligi matbuot xizmati.