Ayniqsa, yoshlarga motivatsiya berish hamda ularga taʼsirchan mexanizmlar orqali psixologik yordam koʻrsatish har qachongidan ham muhim.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahri hududiy kengashi tomonidan yoshlarning mustaqil ongli kasb tanlashi va oʻzining shaxsiy kasbiy rejalarini shakllantirishiga psixologik va pedagogik koʻmaklashishga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – yangi Renessans drayverlari” mavzusida anjuman tashkil etildi.

Anjuman doirasida 2021–2025-yillarga moʻljallangan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum va yoʻl xaritasi tasdiqlandi.

Ushbu hamkorlik memorandumi doirasida shaxsning maʼnaviy kamol topishida psixologik va pedagogik qoʻllab-quvvatlash, poytaxt yoshlariga taʼsirchan mexanizmlar orqali psixologik koʻmak berish, yoshlarning mustaqil ongli kasb tanlashi va oʻzining shaxsiy kasbiy rejalarini shakllantirishga sharoitlarni yaratishga psixologik va pedagogik koʻmaklashish boʻyicha hamkorlik rejalari tuzildi.

Anjuman doirasida Toshkent shahridagi Yoshlar markazida “Psixologik trening markazi” faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Mazkur markaz poytaxt yoshlari uchun bepul xizmat koʻrsatishi belgilandi. Ushbu markazning asosiy vazifasi Talabalar shaharchasi hududida joylashgan talabalar turarjoylari, oliy va umumtaʼlim muassasalari yoshlariga psixologik xizmat koʻrsatishga koʻmaklashish va ularning shaxsiy hayotlarida duch keladigan turli salbiy xolatlarda psixologlar va pedagoglarning taʼsir doirasini kengaytirishdan iborat.