— Bugungi kunda dunyoning qator mamlakatlari, xususan, qoʻshni respublikalarda koronavirus, poliomiyelit, qizamiq/qizilcha boʻyicha epidemiologik vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Bu borada yurtimizda qanday profilaktik chora-tadbirlar koʻrilyapti?
— Yil yakuniga qadar xavf guruhiga mansub aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonini izchil davom ettiramiz, — deydi N. ATABEKOV. — Ularning 80 foizigacha qismini qamrab olishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz. Buning uchun yetarli miqdorda vaksinalar zaxirasi yaratiladi.
Yuqorida nomi keltirilgan kasalliklarga kelsak, ular boʻyicha ham profiliktik chora-tadbirlar kuchaytiriladi. Xususan, 2022-yilda 1 yoshdagi bolalarni poliomiyelitga va 5 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarni qizamiq/qizilchaga qarshi ommaviy emlash tadbirlari oʻtkaziladi.
Shuningdek, 2022-yilda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan xavf osti guruhiga mansub 2 million nafar aholi vakili (maxsus bolalar internatlari tarbiyalanuvchilari, “Saxovat” uylarida yashovchilar, maktabgacha taʼlim muassasalari vakillari, oʻqituvchi va tibbiyot xodimlari) grippga qarshi emlanadi.
— Hozirgi kunda birgina Toshkent shahrida surunkali virusli gepatit S bilan kasallangan 350 ming nafardan ziyod bemorlar dispanser roʻyxatda turar ekan. Bu xastalik aholi oʻrtasida keng tarqalmasligi uchun nimalar koʻzda tutilgan?
— Dunyo tajribasidan kelib chiqib aytsak, hozirgi kunda bunday bemorlarni toʻliq davolash imkoniyati bor. Ushbu masalani bugun hal etmasak, kasallanganlar orasida jigar sirrozi va raki kabi ogʻir asoratlar rivojlanishi ehtimoli mavjud. Jigar transplantatsiyasi tibbiyotimiz amaliyotida yaqin yillardan beri qoʻllanilayotganini eʼtiborga olsak, mazkur muolajaga muhtoj aholi sonining ortib ketishi qoʻshimcha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shunday ekan, ana shu masala boʻyicha alohida dastur ishlab chiqib, 2022-2023-yillarda dastlabki bosqichda Toshkent shahrida, 2025-yilga qadar respublikaning boshqa hududlarida amaliy harakatlar olib borilishi rejalashtirilgan.
Poytaxtimizdagi xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami orasida (tibbiyot xodimlari, donorlar, xomiladorlar, nikohlanuvchilar) skrining va instrumental tekshiruvlar oʻtkaziladi. Soʻng surunkali virusli gepatit S bilan kasallangan bemorlar soni aniqlanib, ularni sogʻlomlashtirishning muddati hamda bosqichlari belgilanadi.
Ushbu tadbirlarning maqsadli oʻtkazilishi natijasida bemorlar sogʻlom hayotga qaytib, ogʻir asoratlarning oldi olinadi.