Vebinarda maʼruzalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Sarvar Hamidov, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian, Yevropa Komissiyasining Savdo boʻyicha Bosh direktorati boʻlimi rahbari Nele Eichhorn, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) mintaqa boʻyicha yetakchi iqtisodchisi Erik Livni, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) huzuridagi Oʻzbekistonning doimiy missiyasi katta iqtisodchisi Begzod Jalilov, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Investitsiyalarni ragʻbatlantirish agentligi direktori Murat Mirzayev.
ISSVdan maʼruzachi oʻz nutqida ishtirokchilarni Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va milliy soliq tizimining shaffofligini taʼminlashga qaratilgan soʻnggi maʼmuriy islohotlar bilan tanishtirdi. Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi qator muhim kelishuvlarga asoslangan Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarning yuqori darajasi va hamkorlikning ijobiy dinamikasi alohida taʼkidlandi.
Soʻzga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda erishilgan iqtisodiy yutuqlar, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar ham alohida taʼkidlandi. Mamlakatimiz uchun GSP+ maqomini olishda, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlashda hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlanishda YEIning roli alohida taʼkidlandi.
YETTB va OTB mintaqaviy iqtisodchilarining hisobotlari tinglanib, ularda Oʻzbekistonni 2023 yilda rivojlantirishning asosiy masalalari va imkoniyatlari, shuningdek, oʻtgan 5 yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda ochilayotgan istiqbollar koʻrib chiqildi. Xususan, mashinasozlik, elektronika, qishloq xoʻjaligi kabi tarmoqlarni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgani va bu, oʻz navbatida, tashqi savdo aylanmasining oshishiga zamin yaratgani taʼkidlandi.
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish agentligining boʻlajak mahalliy va xalqaro investorlarni qoʻllab-quvvatlash hamda Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida YEI komissiyasi bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: Yevropa-Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) Yevropaning rasman tan olingan notijorat birlashmasi boʻlib, toʻliq aʼzolik toʻlovlari hisobidan moliyalashtiriladi. Bosh qarorgohi Bryusselda va vakolatxonasi Toshkentda joylashgan. EUROUZ xalqaro biznes assotsiatsiyasi va Oʻzbekistondagi Yevropa savdo palatasi boʻlib, oʻz aʼzolariga bozorlarni oʻrganish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish hamda davlat va biznes oʻrtasida muloqotni rivojlantirishga har tomonlama yordam beradi.