Poytaxtimiz sambo boʻyicha kattalar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi. Ushbu musobaqa “Universal” sport majmuasida boʻlib oʻtadi. Chempionatda erkaklar va ayollar 7 tadan vaznda kurash olib borishadi. Bundan tashqari jangovar sambo boʻyicha ham bellashuvlar musobaqa reglamentiga kiritilgan boʻlib, ushbu bahslar ham 7 ta vaznda oʻtkaziladi.

Bahslarda yurtimizning turli hududlaridan 600 nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Mazkur musobaqa yil davomida boʻlib oʻtadigan yirik xalqaro musobaqalar uchun terma jamoa tarkibini saralab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.