Joriy yilning 24-28-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan mazkur loyiha doirasida xorijiy rassomlardan 25 nafari oflayn, 12 nafari onlayn qatnashadi. Ishtirokchilar tomonidan 8 ta ijodiy koʻrgazma, 6 ta mahorat darslari va maʼruzalar taqdim etiladi.

Xalqaro va mahalliy ijodkorlar tasviriy sanʼatning qator zamonaviy yoʻnalishlari – pop-art, raqamli sanʼat, installyatsiya, video va foto art, shuningdek, rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik yoʻnalishi boʻyicha oʻz ijod mahsullari bilan qatnashadi.

Loyiha tadbirlari Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Markaziy koʻrgazmalar zali, Toshkent fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining va Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining anjumanlar zallarida oʻtkaziladi.

Tadbir nizomiga asosan gʻolib ishtirokchilar Gran-pri, birinchi, ikkinchi, uchinchi oʻrinlar asosida taqdirlanadi. IX Toshkent Xalqaro zamonaviy sanʼat Biyennalesi jyuri aʼzolari Italiya, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya hamda Rossiyadan taniqli ekspertlardan tashkil topgan.

– Koʻplab davlat vakillari qatorida men ham ushbu nufuzli, IX Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat Biyennaleda ishtirok etayotganimdan mamnunman. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston barcha sohalarda ilgarilab ketmoqda. Yurtingizdagi bu islohotlar, dunyo mamlakatlari nigohida ham yorqin namoyon boʻlmoqda. IX Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat Biyennale hayʼat aʼzosi sifatidagi ishtirokim esa, zimmaga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Men, Biyennale tashkilotchilari va qatnashchilari nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga cheksiz minnatdorlik izhor qilaman, – deydi, Italiyadan tashrif buyurgan ekspert, “Garusso” fondi bosh kuratori, Alessandro Karer.

Poytaxtimizda toʻqqizinchi marta oʻtkazilayotgan xalqaro zamoanviy sanʼat biyennalesi xalqlarni yaqinlashtirish, dunyo tasviriy sanʼat vakillari oʻrtasida mustahkam koʻprik, ijodiy muloqot, sanʼatda boy merosga ega Oʻzbekiston nomini jahonga tarannum etishga xizmat qiladi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri