Prezident aholi daromadini oshirish boʻyicha qanday ishlash zarurligini Yunusobod tumani misolida tushuntirdi

    Soʻnggi yetti-sakkiz yilda poytaxtda, shu jumladan Yunusobodda katta oʻzgarishlar boʻldi.

    Masalan, bu davrda tumanga 1 milliard 700 million dollar xorijiy investitsiya kiritildi, korxona, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari 3,5 mingtaga, ish oʻrinlari 20 mingtaga koʻpaydi.

    Tumanda 6 ming xonadonli yangi uy-joylar qurildi, 8 mingta yangi oʻquvchi oʻrni tashkil qilindi, 3 ta oliygoh ochildi. Xususiy bogʻcha, maktab va shifoxonalar soni boʻyicha ham Yunusobod poytaxtdagi yetakchi tumanlardan biriga aylandi.

    Shu bilan birga, Yunusobodni chekka qismi bilan poytaxtning markaziy qismidagi mahalla oʻrtasidagi farq juda katta ekani, aholi daromadi va yaratilgan sharoit boʻyicha vaziyat bir xil emasligi taʼkidlandi.

    Masalan, tumandagi ayrim oilalar oylik daromadini faqat kun kechirishga sarflayapti. Ular oʻzi va farzandlari kelajagiga investitsiya kiritish uchun mablagʻ ajrata olmaydi.

    Iqtisodiy kompleks tashkilotlarida bu borada tahlil yoʻqligi, turli moliyaviy instrumentlar orqali bu oilalar daromadini oshirishni oʻylab koʻrmagani qayd etildi.