баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    Prezident Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy ta’lim muassasalari majmuasini borib ko‘rdi

    Hukumat 7 Yanvar 2022 1418

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 7-yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi.

    Davlatimiz rahbarining 2019-yil 28-iyundagi qarorida o‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi tizim belgilangan edi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi.

    Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Temurbeklar maktabi uchun poytaxtimizning Yunusobod tumanida yangi bino qurildi.

    Tashrif chog‘ida Prezidentimizga harbiy-akademik litseydagi o‘qitish tizimi haqida ma’lumot berildi.

    Davlatimiz rahbari 2020-yil oktabrda bu yerga kelganida hamda Xavfsizlik kengashining o‘tgan yilgi yig‘ilishida harbiy ta’limni takomillashtirish, yoshlarni yurtimiz tarixi va bobolarimiz jasorati asosida vatanparvar etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

    Temurbeklar maktabida o‘qish shunday tashkil etilgan. Buning uchun beshta kafedra: aniq fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar, psixologiya va tarbiya fanlari hamda kasbiy-amaliy fanlar kafedralari ochilgan. Ularga yuqori malakali pedagoglar ochiq tanlov asosida qabul qilingan.

    Litsey tarix fani va xorijiy tillarga ixtisoslashgan. Yoshlar orasida bu yerda o‘qishga intilish juda kuchli. Joriy o‘quv yilida 5 ming 600 nafar talabgordan eng bilimli 100 nafari saralab olingan. Bugungi kunda 220 nafar o‘quvchi saboq olmoqda.

    Prezident lingafon, psixodiagnostika va ma’naviyat xonalarini kirib ko‘rdi. Amir Temur merosini o‘rganish markazida yoshlar bilan suhbatlashdi.

    - Mana shunday ilg‘or maktabda o‘qiyotganingiz bilan sizlarni, ota-onalaringizni tabriklayman. Sizlar yangi O‘zbekistonning qanotisizlar. Bu qanotlar nima bilan kuchli bo‘ladi? Bilim bilan! Kamida ikki-uchta tilni, aniq fanlarni va tariximizni mukammal bilishingiz kerak. Mana, bu maktabda psixologiya fanini ham kiritdik, uniyam yaxshi o‘rganing. Sizlarda hamma imkoniyat bor, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Shu yerda videokonferensiya orqali Toshkent, Nukus, Farg‘ona va Shahrisabz shaharlaridagi Temurbeklar maktabi o‘quvchilari bilan ham muloqot bo‘ldi.

    Ushbu maktablar o‘quvchilari o‘rtasida ma’naviyat bo‘yicha tanlov o‘tkazish, Temur tuzuklarining har bir tuzugi bo‘yicha ilmiy sharhlar yozish muhimligi ta’kidlandi.

    Davlatimiz rahbari litsey kutubxonasida ham bo‘ldi. U yerda kitob o‘qib o‘tirgan yigitlar ta’lim maskanida yaratilgan sharoitlar, o‘quvchilar o‘rtasidagi do‘stona muhit haqida so‘zlab berdi. Ular orasida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ham bor.

    - Mamlakatimizda hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi, hammasining rivojlanishi uchun sharoit yaratayapmiz. Faqat qaysi yosh o‘zini qiynab, vaqtini bekor o‘tkazmay, ko‘proq bilim olsa, kelajakda muvaffaqiyatga erishadi. Hamma buyuklik niyatdan keladi, mehnatdan keladi, - dedi Prezident.

    Litseyning o‘quv binosi, sport zali, yotoqxona, oshxona, tibbiy xizmat markazida eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, majmua harbiy mashg‘ulotlar maydoni, stadion, suv havzasi, avtodrom va platsni o‘z ichiga olgan.

    Temurbeklar maktabining Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi bilan yonma-yon barpo etilgani ham ahamiyatli. Bu yerda talabalar va o‘quvchilar hamohang muhitda, ustoz-shogird, aka-uka bo‘lib kamolga yetadi.

    Prezident ushbu akademiyadagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.