Prezident: Faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz

    Toshkent shahrida 19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

    Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

    Tadbirni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ochdi.

    Davlatimiz madhiyasi yangradi.

    Yalpi majlis ishini tashkil etish uchun kotibiyat va elektron ovoz berish nazorati bo‘yicha guruh tuzildi, kun tartibi tasdiqlandi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Oliy Majlis Senatiga saylov natijalari to‘g‘risida axborot berdi.

    Bu jarayon yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda takomillashtirilgan milliy saylov qonunchiligiga binoan oshkora va adolatli o‘tgani ta’kidlandi. Asosiy qonunimizga muvofiq, Senat a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – 4 kishidan saylandi. Yana 9 nafar senator O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan tayinlandi.

    Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

    Davlatimiz rahbari yangi tarkibdagi Senat a’zolarini yuksak ishonchga sazovor bo‘lganlari bilan samimiy tabrikladi.

    Yuqori palataning avvalgi tarkibi mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgani ta’kidlandi. Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitilgan, ijro organlariga 1 ming 300 ta so‘rov kiritilgan. Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshgan. O‘tgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetgan.

    Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Senat tarkibi ixchamlashib, uning a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi. Ayni vaqtda senatorlarning vakolatlari va mas’uliyati bir necha barobar oshdi. Xususan, yuqori palataning parlament nazorati va bir qator muhim davlat organlarini shakllantirishdagi ishtiroki sezilarli ravishda kengaytirildi. Senatga ham qonunchilik taklifi kiritish huquqi berildi.

    Prezident bugun dunyodagi vaziyatga yig‘ilganlar e’tiborini qaratib, tinchlik va birlikning ahamiyatini ta’kidladi.

    – Mana shunday g‘oyat tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz. Hurmatli senatorlarimiz, mahalliy kengashlarga saylangan deputatlarimiz ana shu o‘tkir haqiqatni, o‘z zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni chuqur anglab ish olib boradilar, deb ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Bu omillar barchadan o‘z ishini tanqidiy baholab, uni butunlay yangicha tashkil etishni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan, Senat oldida turgan dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

    Birinchidan, qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etish zarur. Ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishiga erishish lozim.

    Ikkinchidan, mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish Senatning ustuvor vazifasi bo‘lishi kerak. Ma’lumki, endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Shuningdek, Kengash so‘rovi va Kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi. 2026-yildan boshlab tuman va shahar Kengashlariga ham hokimlar raislik qilmaydi.

    Ushbu chora-tadbirlar mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi bo‘g‘inga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat beradi.

    Uchinchidan, mahalliy Kengashlar vazirlik va idoralarning quyi bo‘g‘inlari, ayniqsa, tuman va shahar bo‘linmalari bilan joylarda yangicha yondashuv asosida ishlashi talab etiladi.

    Tuman va shaharlar byudjeti munosabatlarida ham mahalliy kengashlar juda katta vakolatlarga ega. Bundan oqilona foydalanib, aholini qiynayotgan masalalarni hal etish, Senat esa bu yo‘nalishlarda mahalliy kengashlarga ko‘maklashib borishi zarur.

    To‘rtinchidan, yangilangan Konstitutsiyamizda Senatga mahalliy Kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha katta mas’uliyat yuklatilgan. Senat bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha samarali tizim yaratishi kerak.

    Beshinchidan, Senat qo‘mitalari – yuqori palataning yuragi, harakatlantiruvchi kuchidir. Shu bois, qo‘mitalardagi eshituv instituti asoslarini qonun darajasida mustahkamlab qo‘yish vaqti keldi.

    Oltinchidan, kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi dastur va rejalarni to‘liq ro‘yobga chiqarishda senatorlarning ishtiroki juda muhim.

    Yettinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha parlament nazoratini, butun jamiyatimiz ishtirokini yanada kuchaytirish zarur. Senat aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, yosh avlod ongiga qonunga hurmat, to‘g‘rilik va halol mehnat tushunchalarini singdirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishi kerak.

    Sakkizinchidan, Senat tomonidan Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini saylash tizimi yo‘lga qo‘yilgani sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bunda Senat faqat nomzodlarni tasdiqlash bilan cheklanmay, ularning faoliyati bilan tanishib, xulosa berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarur.

    Majlisda tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamizning 101-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga nomzod taqdim qildi.

    Yashirin ovoz berish orqali Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga Tanzila Narbayeva saylandi. Shuningdek, Senat Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Sodiq Safoyev, Senat Raisining o‘rinbosari lavozimiga Amanbay Orinbayev saylandi.

    Kun tartibiga muvofiq, Senatda 7 ta qo‘mita va bitta komissiya tuzildi. Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.