Bu haqda IIV axborot xizmati maʼlumotlariga tayanib OʻzA xabar qildi.
Maʼlumot uchun: 2016-yilning dekabr oyidan hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 97 ta farmoniga asosan jami 23 ming 310 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.
Bu raqamlarni yillar kesimida koʻrib chiqsak:
2016-yilda – 179 nafar;
2017-yilda – 1 ming 64 nafar;
2018-yilda – 2 ming 760 nafar;
2019-yilda – 6 ming 318 nafar;
2020-yilda – 8 ming 127 nafar;
2021-yilda – 4 ming 567 nafar;
2022-yilda – 295 nafar.
1992-yildan 2016-yilga qadar mamlakatimizda jami 482 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish boʻyicha 1995-yil 1-yanvar kuniga qadar respublikamizga koʻchib kelib doimiy roʻyxatdan oʻtgan 35 ming 196 nafar shaxslardan 23 ming 969 nafarining hujjatlari koʻrib chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti (identifikatsiya ID-karta) bilan hujjatlashtirish choralari koʻrildi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish boʻyicha 2005-yil 1-yanvar kuniga qadar respublikamizga koʻchib kelib, doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida boʻlmagan shaxslar, shuningdek, 2022-yil 1-fevral kuni holatiga Oʻzbekiston Respublikasida kamida oʻn besh yil doimiy yashab kelayotgan va mazkur davr mobaynida chet davlat fuqaroligida boʻlmagan jami 20 ming 570 nafar shaxslarning hujjatlari koʻrib chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi identifikatsiya ID-karta bilan hujjatlashtirish choralari koʻrildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasida kamida oʻn besh yil doimiy yashab kelayotgan va mazkur davr mobaynida chet davlat fuqaroligida boʻlmagan shaxslarning hamda ota-onasidan biri (yolgʻiz otasi yoki onasi) Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi, deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va Oʻzbekiston Respublikasida yashab kelayotgan bolalarning murojaatlariga asosan jami 4 ming 517 nafar shaxslarning hujjatlari koʻrib chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi identifikatsiya ID-karta bilan hujjatlashtirish choralari koʻrildi.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolik berish bilan bogʻliq ishlar inson huquqlarini himoya qilish, manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir.