Jahon iqtisodiyoti va global kapital xaritasi keskin o‘zgarayotgan, savdo ziddiyatlari avj olayotgan hozirgi sharoitda har qanday investor tadbirkorlarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinayotgan, iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan o‘sib borayotgan, keng imkoniyatlar mavjud bo‘lgan davlatlarga sarmoya kiritishga intilishi tabiiy.

Shu bois, Yangi O‘zbekistonda investitsiya muhitini tubdan yaxshilash yo‘lida tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

O‘tgan yili yalpi ichki mahsulotimiz 7,7 foizga o‘sdi, iqtisodiyotga 43 milliard dollar investitsiya jalb qilindi. Milliy valyutamizning barqarorligi ta’minlanib, xalqaro zaxiralarimiz hajmi 70 milliard dollardan ortdi.

“Ko‘pchilikning yodida, biz to‘rt yil avval bo‘lib o‘tgan ilk forumda 2026 yil yakuniga kelib, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan edik. Jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz bu yil 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda!”, – dedi Prezidentimiz.

Shu bilan birga, O‘zbekiston xalqaro kredit reytingi yil sayin yaxshilanib bormoqda.

Joriy yilda mamlakatimiz nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.

Bularning barchasi O‘zbekiston iqtisodiyoti yangi sur’at va yangi imkoniyatlar bosqichiga chiqayotganiga yorqin misoldir.