«Biz bugungi kunda oʻz oldimizga ulkan marralar qoʻyib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidan oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz.
Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda yurtimizda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlab, koʻp millatli xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga mahkam bel bogʻlaganmiz.
Qanchalik qiyin boʻlmasin, birgalikda qattiq mehnat qilib, turli sinov va mashaqqatlardan munosib tarzda oʻtib bormoqdamiz.
Bu borada mehnatkash va bagʻrikeng xalqimiz, har bir yurtdoshimizning oʻrni, qoʻshayotgan hissasi beqiyos, albatta.
Bugungi davramizda oʻz hayotini inson mehnatini, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek ezgu ishga bagʻishlagan, sohada uzoq yillar samarali xizmat qilib, hurmat va eʼtibor topgan koʻplab odamlarni koʻrib turibman», — dedi davlatimiz rahbari.