Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya toʻlanadi

    Ta'lim 23 Iyul 2021 1999

    “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5188-son, 19.07.2021-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi – Prezident taʼlim muassasalari agentligi etib qayta nomlandi.

    2021–2025-yillarda Agentlik tizimida 13 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktab qurilib, mavjud 5 ta ijod maktabi taʼmirlanadi.

    2021-yil 1-sentyabrgacha:

    xalqaro (International Advanced Levels) dasturlar talablariga muvofiq oʻquvchi va pedagog kadrlarning STEAM fanlari boʻyicha bilim va koʻnikmalarni baholash hamda ularga xalqaro darajadagi AS va A-LEVEL sertifikatlarini berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

    Prezident maktablarida oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularga keyinchalik oʻqishini davom ettirish uchun OTMlarni tanlashda koʻmaklashishga qaratilgan “Maktab maslahatchisi” (School Councillor) dasturi joriy etiladi;

    Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun inklyuziv IT taʼlim joriy qilinadi.

    2021/2022 oʻquv yilidan Oʻzbekistondagi xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya toʻlanadi.

    Shuningdek, quyidagilarga test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz oʻqishga kirish huquqi beriladi:

    ➖ Prezident maktablari bitiruvchilariga davlat oliy taʼlim tashkilotlariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlariga nisbatan qoʻshimcha davlat granti asosida;

    ➖ Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilariga ixtisoslik yoʻnalishidan kelib chiqib davlat oliy taʼlim tashkilotlarining kimyo, biologiya, fizika va axborot texnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy toʻlov-kontrakt asosida;

    ➖ Agentlik tizimidagi ijod maktablarining bitiruvchilariga ixtisoslik yoʻnalishidan kelib chiqib davlat oliy taʼlim tashkilotlarining tilshunoslik, adabiyot, pedagogika, tarjimonlik, jurnalistika sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy toʻlov-kontrakt asosida.

    Xalqaro (International Advanced Levels) dasturlarning A va B darajadagi A-LEVEL sertifikatlariga ega abituriyentlar davlat oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirishda sertifikat berilgan fan boʻyicha kirish imtihonidan ozod etiladi hamda ularga mazkur fandan maksimal ball beriladi.

    Qaror bilan shuningdek, Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etildi.